Archive for November 2nd, 2009

Monday, November 02nd, 2009 | Author: Behzod
Behzodbek

Behzod to'rt yoshda...

Bolaligini sog’inmaydigan odam bo’lmasa kerak. Albatta, hali qarib yoshimiz bir joyga borib qolmagan bo’lsa ham, lekin hozirdan bolalikning beg’ubor damlari tez-tez yodga tushadigan bo’lib qoldi.
Ha, bolalik boshqacha edi. Gunohlardan xolilik, hatto gunohlar, yomonlik qilish hissi yetti uxlab tushingga ham kirmaydigan bir davr. Pokiza bir davr…

Keling, bolaligimizni xotirlaymiz. Go’zal damlar, shirin voqealarni bir-birimiz bilan baham ko’ramiz.
Eng yosh davringizni eslay olasizmi? O’shanda necha yosh bo’lgansiz? Masalan, men bir yosh bo’lgan davrimdagi voqeani tiniq xotirlayman. Atak-chatak qilib endi yurayotgan paytlarim edi…
O’shanda yangi uyimiz hali bitmagandi. Otam (dadamning dadalari, hozir yoshlari 80 ga borib qolganlar) bir xonaning ichida suvoq qilayotgan edilar. Ikkinchi xonadan bu xonaga o’tish eshigida, adashmasam, arava yoki odam o’tishi uchun bir taxta qo’yilgan edi. Men shu taxtaning ustiga chiqib, devorga qo’lim bilan tayangancha sekin yurib o’tganimni eslayman.
Ota-onamga hozir bu haqda gapirsam, hayron bo’lishadi: o’shanda men bir yosh bo’lgan ekanman.
Xo’sh, siz ham yoshligingizni eslab turasizmi? Qanday shirin xotiralaringiz bor? Sizning bolaligingiz qanday o’tgan?
“Bolaligim, seni sog’indim” turkumi ostida  bolalik xotiralarimni yozib borishni niyat qildim.  Shirin o’tmishimizga qiladigan safarimizda siz ham ishtirok eting. Buning uchun blogimizni kuzatib boring. :)
Category: Bolaligim, Foto-sharh  | Tags: , ,  | 4 Comments