
Bugun universitetimizga AQSHlik taniqli Islom olimi Zayd Shakir tashrif buyurdi. Mehmon bilan kechki soat 6:30 dan 8:30 gacha Talabalar Ittifoqi binosida suhbatda bo’ldik.
Zayd Shakir Islomning G’arbdagi taniqli ulamolaridan. Kaliforniyaning Berkeley shahrida tavallud topgan. 1977-yil AQSH Havo Kuchlarida harbiy xizmatda bo’lgan chog’ida Islom dinini qabul qilgan. Vashingtondagi Amerika Universitetida Xalqaro Munosabatlar bo’yicha bakalavrlik darajasini, Rutgers Universitetida Siyosatshunoslik bo’yicha magistrlik darajasini olgan.
Misrda bir yil arab tili tahsilini olgandan so’ng, Konnektikutdagi musulmonlar jamoasida faol tashkilotchilik ishlari bilan band bo’ldi. Masjid al-Islomni tashkil etishda qatnashib, unga 1988-1994-yillar davomida imomlik qildi. So’ng an’anaviy Islom ilmlarini o’rganish maqsadida Suriyaga yo’l oldi.
Yetti yil davomida Suriyada, so’ng bir muddat Marokashda Arab tili, Islom huquqi, Qur’on va Tasavvuf ilmlarini o’rgandi. 2001-yili Suriyaning mashhur Abu Nur Universitetini muvaffaqiyatli tamomlab, Konnektikutga qaytadi va yana Masjid al-Islomda imomlikni davom ettiradi. Shu yili uning Arab tilidan Ingliz tiliga o’girgan “Payg’ambarning merosxo’rlari” asari nashrdan chiqadi.
Imom Zayd 2003-yili Kaliforniyaga ko’chib o’tdi. Hozir bu yerdagi Zaytuna Institutida Arab tili, Islom huquqi, Tarix va Tasavvufdan talabalarga dars bermoqda. 2005-yili Zaytuna Instituti uning turli maqolalaridan iborat “Tarqoq chizgilar: amerikalik musulmonning kechinmalari” nomli kitobni nashrdan chiqardi…

So’nggi munosabatlar