Tuesday, November 10th, 2009 | Author: Behzod
imam.zaid

Bugun universitetimizga AQSHlik taniqli Islom olimi Zayd Shakir tashrif buyurdi. Mehmon bilan kechki soat 6:30 dan 8:30 gacha Talabalar Ittifoqi binosida suhbatda bo’ldik.

Zayd Shakir Islomning G’arbdagi taniqli  ulamolaridan. Kaliforniyaning Berkeley shahrida tavallud topgan. 1977-yil AQSH Havo Kuchlarida harbiy xizmatda bo’lgan chog’ida Islom dinini qabul qilgan. Vashingtondagi Amerika Universitetida Xalqaro Munosabatlar bo’yicha bakalavrlik darajasini, Rutgers Universitetida Siyosatshunoslik bo’yicha magistrlik darajasini olgan.

Misrda bir yil arab tili tahsilini olgandan so’ng, Konnektikutdagi musulmonlar jamoasida faol tashkilotchilik ishlari bilan band bo’ldi. Masjid al-Islomni tashkil etishda qatnashib, unga 1988-1994-yillar davomida imomlik qildi. So’ng an’anaviy Islom ilmlarini o’rganish maqsadida Suriyaga yo’l oldi.

Yetti yil davomida Suriyada, so’ng bir muddat Marokashda Arab tili, Islom huquqi, Qur’on va Tasavvuf ilmlarini o’rgandi. 2001-yili Suriyaning mashhur Abu Nur Universitetini muvaffaqiyatli tamomlab, Konnektikutga qaytadi va yana Masjid al-Islomda imomlikni davom ettiradi. Shu yili uning Arab tilidan Ingliz tiliga o’girgan “Payg’ambarning merosxo’rlari” asari nashrdan chiqadi.

Imom Zayd 2003-yili Kaliforniyaga ko’chib o’tdi. Hozir bu yerdagi Zaytuna Institutida Arab tili, Islom huquqi, Tarix va Tasavvufdan talabalarga dars bermoqda. 2005-yili Zaytuna Instituti uning turli maqolalaridan iborat “Tarqoq chizgilar: amerikalik musulmonning kechinmalari” nomli kitobni nashrdan chiqardi…

Universitetimizda uning ishtirokida o’tgan bugungi uchrashuv maroqli bo’ldi. Zayd Shakir hazil-mutoyibaga ham usta ekan. Yig’ilganlarga ham ilm, ham xush kayfiyat ulashdi. Suhbat yoshlar va bugungi kun musulmonlari uchun dolzarb bo’lgan turli mavzularni qamrab oldi. Men daftar-qalam olib, muhim fikrlarni yozib olishga harakat qildim.

Gap Allohning mehribonligi haqida ketganda, Zayd Shakir 100 ta odamni o’ldirgan bir kishining Alloh rahmati bilan jannatga kirganligi haqidagi hadisni yodga oldi. Ushbu rivoyatning qisqacha mazmuni shunday: Bir kishi umri davomida 99 ta odamni nohaq o’ldirgan bo’ladi. Payti kelib, qilgan ishlaridan pushaymon chekadi va Xudo meni kechirarmikan, deb odamlardan so’raydi. Uni bir taqvodor obidning huzuriga jo’natishadi. Obid uning qilgan ishlarini eshitib, sendan osiy odamni Xudo qanday kechirsin, deb g’azabini sochadi. Natijada tavba qilmoqchi bo’lgan odam uni ham o’ldirib, qurbonlari sonini 100 taga yetkazadi. Keyin, endi meni Xudo qanday kechirsin, deb turganda, uni boshqa bir olim zotning huzuriga yo’llashadi. Olim uning dardini eshitib, Alloh mehribon, bundan katta gunohlarni ham kechirishga qodir, sen falon joyga bor, u yerda yaxshi odamlar yashaydi, ular bilan birga ibodat qil, deydi. Shundan so’ng boyagi odam o’sha aytilgan manzilga qarab yo’lga chiqadi. Ammo yarim yo’lga yetganda, ajali yetib, olamdan o’tadi. Azob va rahmat farishtalari kelib uni talasha boshlashadi. “Bu bizga qarashli, u yomon odam bo’lgan”, deydi azob farishtasi. “Yo’q, u tavba qilgan, ahli solihlarning oldiga kelayotgan edi”, deydi rahmat farishtasi. Shunda Alloh, “Uning turgan joyidan ahli solihlar manziligacha bo’lgan joyni o’lchanglar, agar solihlar makoniga yaqinroq bo’lsa, jannatiylardan qilib yozing, agar eski manziliga yaqin bo’lsa, do’zaxiylardan bo’lsin”, deydi. Sanab chiqishganda, u solihlar makoniga yarim qarich yaqin joyda boladi. Sanashayotganda, Allohning amri bilan solihlar makoni bilan uning o’rtasidagi masofa qisqaradi…

Zayd Shakir xuddi shu hadisni AQSH qamoqxonalaridan birida Islomni qabul qilgan mahbuslarga so’zlab berganda, bir burchakda yosh bir yigit qimtinib, ko’rinish bermay turgani haqida gapirdi. Keyinroq Zayd Shakirga xabar berishlaricha, shu yigit yuqoridagi hadisni eshitib musulmon bo’libdi. Aniqlanishicha, u 2 ta odamni o’ldirib, qamoqqa tushgan ekan. Xudo meni kechirmaydi endi, degan fikr uni Islomga kirishdan to’sib turgan ekan. Yuqoridagi rivoyat uning iymonga kelishiga sabab bo’libdi.

Allohning mehribonligi haqida gapiraturib, Zayd Shakir, “Uning rahmati sizning gunohlaringizdan kengroq, – dedi. – Har qanday og’ir gunoh qilgan bo’lsangiz ham, agar shirk sodir etmagan bo’lsangiz, Alloh istasa, sizni kechiradi, hatto tavba qilmay vafot etgan bo’lsangiz ham!” Shirk bu Allohga sherik keltirishdir. Masalan, nasroniylar payg’ambar Iso (alayhissalom) ni Xudoning o’g’li deb, shirk keltirishadi. Bunday e’tiqodda bo’lgan odam agar tavba qilmay olamdan o’tsa, abadiy do’zaxda kuyadi…

Bundan tashqari, Zayd Shakir xavf va rajo tushunchalarini ham tilga oldi. Ya’ni, musulmon odam doim xavf (gunohlari uchun Allohning g’azabidan qo’rqish) va rajo (har qanday og’ir gunoh qilgan bo’lsa ham Allohning rahmatidan umid qilish) o’rtasida bo’lishi kerak. Ibodatlari ko’payib, faqat savob ish qilayotgan bo’lsa ham, Alloh amallarimni qabul qilmasachi, degan qo’rquvda bo’lishi, shu bilan birga, gunohlarga botgan osiy bir mo’min bo’lsa ham, Alloh mehribon, gunohlarni istagan bandalari uhcun kechiradi, degan umidni yo’qotmasligi kerak. Zero, Allohning rahmatidan umidni uzish kufrdir!

Qiyomat haqida gapirib, “Uning alomatlarini kutmang! – dedi imom. – Zero, bir hadisda, Payg’ambarimiz (sallollohu alayhi va sallam) dan Qiyomatning alomatlari haqida so’rashganda, u kishi, sen Qiyomat uchun nima hozirlading, deb javob qaytarganlar”. Ya’ni, musulmon odam Qiyomatning alomatlarini ko’rgachgina xayrli amallarga shoshilmaydi. Balki doim ibodatda qoim bo’lishi lozim. Zero, inson uchun Qiyomatning qo’pishi o’limdan keyinoq boshlanadi. O’lim esa istalgan payt kelishi mumkin.

Yana, imom biz talabalarga Payg’ambarimiz (sallollohu alayhi va sallam)ning siyratlarini, shamoyillarini ko’p o’qishimizni tavsiya qildi. “Allohning rasulini sevish uning hayotini o’rganish bilan boshlanadi”, dedi.

Suhbatdan so’ng zal tashqarisida jamoat bo’lib xufton namozini o’qidik. Qiziqqanlar shu yerda savdoga qo’yilgan imom Zayd asarlarini xarid qildi. Kitoblarni ko’zdan kechirib turganimda, sotuvchi ayol to’satdan, siz o’zbekistonlikmisiz, deb so’rab qoldi. Ha, dedim, qayerdan bildingiz? Pensilvaniyada o’zbek tanishlarim bor, sizni ko’rib, yuzingizdan O’zbekligingizni sezdim, dedi sotuvchi opa.

Xursand bo’lib ketdim. O’zi boshqa millat vakili bo’lsa ham, mening O’zbekligimni tanidi. Men o’zim O’zbek bo’laturib, vatandoshlarimni hanuz yuzlaridan farqlay olmayman. :)

Category: Kundalik, Ma'rifat
You can follow any responses to this entry through the RSS 2.0 feed. You can leave a response, or trackback from your own site.

3 Responses

  1. ha, zo’r!!! Ancha ma’naviy ozuqa oldi kishi bularni o’qib. Rahmat! Bunday insonlarning suhbatidan bahramand bo’lish qanday baxt!! Havasim keldi sizga!
    aytgancha, siz bo’lmasa, hozir qatta o’qiyabsiz?

  2. AQSHning Shimoliy Karolina universitetida o’qiyman.

  3. Yahshi!!
    O’qish va ishlarizda Allohning o’zi qo’llasin sizni!!

Leave a Reply