(Hikoya)
Lorens BLOK
Muallif haqida:
Lorens Blok 1938-yili AQSHning Nyu-York shahrida tug’ilgan. Amerika yozuvchilarining Edgar mukofoti hamda boshqa ko’plab adabiy sovrinlar sohibi. Kriminal mavzudagi romanlari bilan mashhur. Sobiq politsiyachi Met Skadder hayotidan hikoya qiluvchi romanining Jef Bridjes ijrosidagi „O’limga eltuvchi yetti million yo’l” deb nomlangan kinotalqini ham yaratilgan. Yozuvchi hozir Nyu-Yorkda yashab ijod qiladi.
Politsiyachi ko’prik ustiga mashina kelib to’xtaganini ko’rdi. Lekin bu uning unchalik e’tiborini tortmadi. Qatnov siyrak bo’lgan kechalari bu yerga yo’lovchilar tez-tez to’xtab turishadi. Shaharni qoq ikkiga bo’lib oquvchi daryo ustiga qurilgan bu ko’prikdan shahar manzarasini tomosha qilish g’oyat maroqli…
Ko’prikni o’z joniga qasd qilganlar ham yaxshi ko’rishadi. Bugungi notanish odamning ham o’shalardan biri bo’lishi mumkinligi dastlab politsiyachining xayoliga kelmadi. Lekin uning ko’prik chetiga kelib to’siqqa oyoq qo’yganini ko’rgach, undan shubhalana boshladi. Bu yerda bir gap bor edi: qorong’ulik o’z bag’riga qandaydir sirni yashirayotgan edi.
Politsiyachi sharpaga bir zum tikilib qoldi. ”Unga yetib olishga ulguramanmi?” U dastlab hushtak chalmoqchi ham bo’ldi, lekin darhol bu niyatidan qaytdi. Chunki dabdurustdan shovqin ko’tarish o’z jonidan to’ygan odamga aks ta’sir etib, ko’ngilsizlikning sodir bo’lishini tezlashtirib yuborishi mumkin edi…
Notanish kimsa tamaki tutata boshladi. ”Demak, hali vaqti bor, – o’yladi politsiyachi, – Ularning hammasi so’nggi lahzalarda tamaki chekishadi”.
Politsiyachi unga yaqinlashish maqsadida asta yura boshladi. Oradagi masofa chamasi o’n metrlar qolganda sharpa oyoq tovushini eshitib, keksin o’girildi-da, bir qadam orqaga tisarildi. So’ng qochish imkoniyatini boy bergani uchun bo’lsa kerak, boshini chayqab qo’ydi. Ko’prik oldida turgan odam o’ttiz yoshlardagi uzun yuzli, qora qalin sochlari yuziga tushgan daroz bir odam edi.
– Shaharni tomosha qilyapsizmi? – deya gap boshladi politsiyachi, – Bu yerda kimdir borligini ko’rib, gaplashgim keldi. Yarim tunda yolg’izlik odamni zeriktiradi.
U tamaki qidirayotgandek cho’ntagini paypasladi.
– Sizda ortiqcha tamaki topilmaydimi?
Notanish odam cho’ntagidan tamaki olib politsiyachiga uzatdi. Politsiyachi unga tashakkur bildirib, ko’zini olisga tikdi.
– Juda go’zal-a? Odam bu yerda o’zini xotirjam sezadi.
– Menga buning ahamiyati yo’q. – tungi mehmon tilga kirdi, – Men odamni xotirjam qiladigan boshqa yo’llarni o’ylayman.
– Janob, – politsiyachi biroz taraddudlandi-da, go’yo uning dardini tushunganday bo’ldi, – Hamma narsa ham vaqt o’tishi bilan o’z iziga tushib ketadi. Bu o’zi shunaqa dunyo. Bori shu, ko’prikning ustida turib har ne qilishga urinsang ham, baribir, uni o’zgartirolmaysan.
Ko’prik mehmoni bu gaplarga e’tiroz bildirmadi. Jim xayol surgancha tamaki burqsitdi. So’ng qo’lidagi tamaki qoldig’ini pastga tashlab, uning suvga tushishini tomosha qildi.
– Mening ismim Edvard Rayt, – u boshini ko’tarib politsiyachiga yuzlandi, – To’g’ri aytdingiz, men xato o’ylagan ekanman.
– Sizni aynan nima bezovta qilyapti?
– Aytarli hech narsa.
– Doktorga uchradingizmi? U sizga yordam beradi.
– Hamma shunaqa deydi.
– Balki achchiqroq qahva icharsiz?
Bu gaplarga javoban Rayt nimadir demoqchi bo’ldi-yu, lekin fikrini o’zgartirdi, shekilli, indamadi. Yana tamaki tutatdi, og’zini to’ldirib tutun chiqardi.
– Endi yaxshiman. – dedi u, – Uyga borib uxlasam ham bo’ladi. Anchadan beri yaxshi uxlaganim yo’q. Xotinim…
– Unga nima qilgan?
– U o’ldi. U mening borlig’im edi. Undan ayrilib qoldim…
Politsiyachi unga yaqin kelib, qo’lini yelkasiga qo’ydi.
– Sabr qiling, janob Rayt. Usiz sizga hayot qorong’u bo’lishi mumkin. Lekin hamma narsa ham unutiladi. Siz hali yashashingiz kerak.
– Rahmat sizga, endi uyga ketaman. Bezovta qilganim uchun uzr.
Politsiyachi Edvard Raytning mashinaga chiqishini kuzatarkan, “Ehtimol, uni mahkamaga olib borish kerakdir, – deb o’yladi. – Lekin sen o’z joniga qasd qilishidan shubhalangan har qanday odamni olib ketaversang, bu ishingdan hech qachon to’xtamaysan“.
U shunday xayollar bilan ko’prikning narigi yuziga o’tdi. Cho’ntagidan daftarini olib, bugungi uchrashuv haqida qisqacha qayd etib qo’ydi: “Edvard Rayt, sochi qalin, peshonasiga tushadi. Xotini vafot etgan. Ko’prikdan sakramoqchi bo’ldi“.
* * *
Shifokor bemorga tikildi: sochlari qalin, yuzida esa qo’rquv va gunohkorlik hissi.
– Doktor, men oshqozonimni tekshirtirishim kerak.
– Nima bo’ldi?
– Uyqu dorisi…
– Uyqu dorisi?.. Qancha ichgandingiz?
– Yigirmata, – dedi bemor biroz hadiksirab.
– O’ntasi odamni o’ldiradi. Qancha bo’ldi ichganingizga?
– Yarim soat, balki yigirma minutdir.
– Esingiz joyidami? Nega bunday qildingiz?
– Men o’zimni kasal qilmoqchi edim…
– Lekin uddalolmadingiz, shundaymi? Bo’pti, tekshiramiz.
Ichak yutish ancha yoqimsiz bo’lsa ham, bemor chidashga majbur bo’ldi. Nihoyat, doktor natijani ma’lum qildi:
– Siz hali yashaysiz.
– Rahmat, doctor.
– Rahmat aytishning hojati yo’q, bu bizning vazifamiz.
– Men… Men ruhshunos qabuliga boryapman. Hayotdan to’ygan odamman. Bugungi jinniligim ham shundan.
Doktor bu safar unga diqqat bilan tikildi.
– Yigirmata dori, – u bosh chayqadi. – Hoziroq xizmat haqimni to’lang. Ertaga yashashi noma’lum bo’lgan odamga to’lov qog’ozi yuborib chuv tushib qolishni istamayman.
* * *
– Bizdagi bahoga boshqa joydan bunaqa miltiq sotib ololmaysiz, – do’kon xizmatchisi o’z molini maqtashga tushdi.
– Menga o’q ham bersangiz.
Sotuvchi bir quti o’q uzatdi.
– Yana kerakmi?
– Yo’q, hozircha bittasi yetadi.
Sotuvchi ro’yxatga olish kitobini ochdi
– Qonunni xursand qilish uchun mana bu yerga imzo cheking.
Xaridor imzo chekdi.
– Janob Rayt, hujjatingizni ham ko’rsatsangiz.
Rayt haydovchilik guvohnomasini uzatdi. Sotuvchi uni imzo bilan solishtirib, nomerini daftarga yozib qo’ydi.
– Ishonamizki, miltiqdan yaxshi kunlarda foydalanasiz.
– Albatta.
* * *
Soat to’qqizdan oshgan edi. Ko’cha eshikning qo’ng’irog’i jiringladi.
“Kim bo’lishi mumkin?”
Rayt asta borib, eshik tirqishidan tungi mehmon kimligini ko’rgach, eshikni ochdi.
Dastlab eshikdan miltiq uchi ko’rindi.
– Mark…
– Ichkariga, – kutilmagan mehmon uning qornini miltiq uchi bilan nuqib qo’ydi.
Rayt uning hazillashmayotganini ko’rib, badanidan sovuq ter chiqib ketdi.
– Sen uni o’ldirding, Ed, – Mark vajohat bilan bostirib kela boshladi. – U sendan ajralishni xohlagandi, lekin ruxsat bermading. Men bunday qilish xavfli ekanini unga aytgandim. Lekin u hammasini qonuniy qilmoqchi bo’ldi. Sen esa uni o’ldirding.
– Jinni bo’ldingmi, Mark?
– Sen uni zinadan yiqilib o’ldi, deding-a? Lekin men bunga ishonmayman. Qani, ayt, uni qanday o’ldirgansan? Hoziroq hammasini aytmasang, peshonangdan darcha ochib qo’yaman.
– Men uni urgandim, xolos, – Rayt bir miltiqqa, bir Markka qarab gap boshladi, – Uni bir-ikki siltadim, so’ng o’zi zinadan tushib ketdi… Lekin bu bilan sen politsiyaga borolmaysan. Ular bu narsani hech qachon isbotlasholmaydi.
– Biz politsiyaga bormaymiz, – iljaydi Mark, – Agar shunday qilish kerak bo’lganda, allaqachon borardim. Biz hozir boshqa narsa qilamiz, qog’oz bilan qalam olib kel. Senga xat yozdirmoqchiman.
– Xat?
– Ha, unda shunday deb yoz: “Ortiq chidolmayman. Bu safar hammasiga chek qo’yaman”, – u miltiqni Raytning titrayotgan boshiga tiradi.
– Buning uchun seni osishadi, Mark!
– Buni o’z joniga qasd qilish, deydilar.
– Mening o’z jonimga qasd qilishim mumkinligiga hech kim ishonmaydi.
– Sen aytganimni bajar, Edvard. Xatni yozib bersang bo’ldi. Keyin miltiqni tashlab, ozim bu yerdan ketaman.
– Sen ablahsan!
– Seni o’ldirmoqchi emasman, Ed. Faqat xatni yozishingni istayman, xolos.
Rayt uning gaplariga shubhalansa ham, boshidagi miltiq ortiq o’ylashiga imkon bermadi. U xatni yozib, imzo chekdi.
– Endi ortingga o’giril, Edvard.
U o’girilib, Markka qaradi. Mark o’zgarib ketgandi. U boshiga qalin soch kiyib olgan, ko’zida ham qandaydir o’zgarish bor edi.
– Kimga o’xshayapman, Edvard? Senga-a, shunday emasmi? Juda bo’lmasayam, har qalay sening tasavvuringni bera olaman.
– Sen… Sen hali mening nomimdan ish qilib yuribsanmi?
– Sen hozirgina men joniga qasd qiladigan odamga o’xshamayman, deding-a? Lekin keyingi paytlardagi ahvoling bundan dalolat bermaydi. – Mark zaharhanda kuldi. – Morisey ko’prigidan sakramoqchi bo’lganing esingdami? O’shanda bir politsiyachi kelib qolgandi. Ruhshunosni ham o’lim haqidagi uzundan-uzoq gaplaringni eshitishga majbur qilding. Oshqozoningni tekshirtirmoqchi bo’lganingchi? – Mark angrayib qolgan Raytni biroz kuzatib, so’ng yana davom etdi:
– Yasama sochimning o’xshmay qolishidan qo’rqqandim. Lekin sezishmadi. To’g’ri, bularni eslolmasliging mumkin. Lekin hammasini sen bajarding. Ha, sen, Edvard. Balki bugun bu miltiqni sotib olganingni eslarsan?
– …
– Esla, bir soat oldin edi. Hatto haydovchilik guvohnomangniyam ko’rsatding.
– Sen uni qayerdan olding?
– Olganim yo’q, yasadim, – Mark yana kula boshladi, – Albatta, u bilan politsiyachini aldab bo’lmasdi. Lekin ularga ko’rsatishning hojati bo’lmadi. Faqat do’konchini aldashga kerak bo’ldi, xolos. Xo’sh, bular o’zini o’zi o’ldirmoqchi bo’lgan odamning ishlariga o’xshamaydimi? Mening boshqa odam ekanligimni hech kim sezmadiyam.
– Do’stlarimchi? Ofisdagilar?
– Ularga ko’rinishni shart emas, deb o’yladim. Sen o’z kirdikoringni yashirish uchun o’zingni, xuddi xotiningning o’limidan xafaday ko’rsatib yuribsan. Buni ishingdagilar biladi.
Rayt nima deyishni ham bilmay qoldi. U qo’rquvdan dag’-dag’ titrardi.
– Sen ketmoqchi eding, Mark.
– Eshitgan hamma gaplaringga ishonaverma, – Mark shunday deb miltiqni Raytning og’ziga to’g’riladi va tepkini posdi…
U Raytning o’lganiga ishonch hosil qilgach, miltiqdan o’zining barmoq izlarini o’chirib, o’rniga Raytning qo’lini bosdi. Yozilgan xatni stol ustiga qo’yib, ruhshunosning tashrif qog’ozi hamda sotib olingan miltiq chekini Raytning hamyoniga solib qo’ydi.
– Sen uni o’ldirmasliging kerak edi, – dedi u Raytning jasadiga.
Shundan so’ng u orqa eshikni ochib, o’zini ko’chaga urdi. Bir zumda uning sharpasi tun qo’yniga singib ketdi…
Ingliz tilidan Behzod Mamadiev tarjimasi
“Kuch – adolatda” gazetasi, 2005-yil

So’nggi munosabatlar