Archive for the Category » Adabiyot «

Tuesday, November 17th, 2009 | Author: Behzod

(Hikoya)

Lorens BLOK

Muallif haqida:
Lorens Blok 1938-yili AQSHning Nyu-York shahrida tug’ilgan. Amerika yozuvchilarining Edgar mukofoti hamda boshqa ko’plab adabiy sovrinlar sohibi. Kriminal mavzudagi romanlari bilan mashhur. Sobiq politsiyachi Met Skadder hayotidan hikoya qiluvchi romanining Jef Bridjes ijrosidagi „O’limga eltuvchi yetti million yo’l” deb nomlangan kinotalqini ham yaratilgan. Yozuvchi hozir Nyu-Yorkda yashab ijod qiladi.

Politsiyachi ko’prik ustiga mashina kelib to’xtaganini ko’rdi. Lekin bu uning unchalik e’tiborini tortmadi. Qatnov siyrak bo’lgan kechalari bu yerga yo’lovchilar tez-tez to’xtab turishadi. Shaharni qoq ikkiga bo’lib oquvchi daryo ustiga qurilgan bu ko’prikdan shahar manzarasini tomosha qilish g’oyat maroqli…
Ko’prikni o’z joniga qasd qilganlar ham yaxshi ko’rishadi. Bugungi notanish odamning ham o’shalardan biri bo’lishi mumkinligi dastlab politsiyachining xayoliga kelmadi. Lekin uning ko’prik chetiga kelib to’siqqa oyoq qo’yganini ko’rgach, undan shubhalana boshladi. Bu yerda bir gap bor edi: qorong’ulik o’z bag’riga qandaydir sirni yashirayotgan edi.
Politsiyachi sharpaga bir zum tikilib qoldi. ”Unga yetib olishga ulguramanmi?” U dastlab hushtak chalmoqchi ham bo’ldi, lekin darhol bu niyatidan qaytdi. Chunki dabdurustdan shovqin ko’tarish o’z jonidan to’ygan odamga aks ta’sir etib, ko’ngilsizlikning sodir bo’lishini tezlashtirib yuborishi mumkin edi…
Notanish kimsa tamaki tutata boshladi. ”Demak, hali vaqti bor, – o’yladi politsiyachi, – Ularning hammasi so’nggi lahzalarda tamaki chekishadi”.
Politsiyachi unga yaqinlashish maqsadida asta yura boshladi. Oradagi masofa chamasi o’n metrlar qolganda sharpa oyoq tovushini eshitib, keksin o’girildi-da, bir qadam orqaga tisarildi. So’ng qochish imkoniyatini boy bergani uchun bo’lsa kerak, boshini chayqab qo’ydi. Ko’prik oldida turgan odam o’ttiz yoshlardagi uzun yuzli, qora qalin sochlari yuziga tushgan daroz bir odam edi.
– Shaharni tomosha qilyapsizmi? – deya gap boshladi politsiyachi, – Bu yerda kimdir borligini ko’rib, gaplashgim keldi. Yarim tunda yolg’izlik odamni zeriktiradi.
U tamaki qidirayotgandek cho’ntagini paypasladi.
– Sizda ortiqcha tamaki topilmaydimi?
Notanish odam cho’ntagidan tamaki olib politsiyachiga uzatdi. Politsiyachi unga tashakkur bildirib, ko’zini olisga tikdi.
– Juda go’zal-a? Odam bu yerda o’zini xotirjam sezadi.
– Menga buning ahamiyati yo’q. – tungi mehmon tilga kirdi, – Men odamni xotirjam qiladigan boshqa yo’llarni o’ylayman.
– Janob, – politsiyachi biroz taraddudlandi-da, go’yo uning dardini tushunganday bo’ldi, – Hamma narsa ham vaqt o’tishi bilan o’z iziga tushib ketadi. Bu o’zi shunaqa dunyo. Bori shu, ko’prikning ustida turib har ne qilishga urinsang ham, baribir, uni o’zgartirolmaysan.
Ko’prik mehmoni bu gaplarga e’tiroz bildirmadi. Jim xayol surgancha tamaki burqsitdi. So’ng qo’lidagi tamaki qoldig’ini pastga tashlab, uning suvga tushishini tomosha qildi.
– Mening ismim Edvard Rayt, – u boshini ko’tarib politsiyachiga yuzlandi, – To’g’ri aytdingiz, men xato o’ylagan ekanman.
– Sizni aynan nima bezovta qilyapti?
– Aytarli hech narsa.
– Doktorga uchradingizmi? U sizga yordam beradi.
– Hamma shunaqa deydi.
– Balki achchiqroq qahva icharsiz?

more…

Friday, November 06th, 2009 | Author: Behzod

Hayo---xaloskorIbrohim G’afurovning “Hayo – xaloskor” nomli kitobini o’qiyapman. Kitobdan muallifning mansuralari, badialar, adabiy-tanqidiy esselar, publisistik asarlari o’rin olgan.
Muallif, mansuralar nomli yangi janr yaratdim, deydi. Kitobning “Tarjimai hol chizgisi” nomli kirish so’zida u shunday yozadi:
“Borxes, Monten va Sen-Syonagan hamda hind, xitoy, yapon faylasuflarining asarlari ta’sirida kuchli nutq oqimiga asoslangan “mansuralar” degan janr yaratdim. Mansuralar erkin she’r janriga juda yaqin, lekin erkin she’r emas. U meni o’rtagan o’y, xayol, orzu va erishilmagan, yo’qotilgan narsalar to’g’risida fikr oqimlari”.
Kitobning birinchi bobi “Mansuralar. Mening romanlarim” deb atalgan.
Ibrohim G’afurovning o’ziga xos tili bor: shirali, o’qisangiz quloqqa, ma’nosi yurakka yoqadi, ta’mini sezasiz.
Keyin, qandaydir, sokinlik bor, mung bor. O’t bo’lib yonayotgan yuragim Ibrohim G’ofurovning asarlarini o’qib halovat topganday bo’ldi.
Muallifning yoshligi og’ir kechgan ekan. Bu haqda kitobdagi “Yaratgan ko’p narsalarni ato etgan” nomli asarda juda ta’sirchan bayon bor:
“Oyoqlarimizda hech narsa yo’q edi. Yalangoyoq borardik maktabga. Kech kuzak, uzun qahrli qish, seryomg’ir ko’klamlarda oyoqlarimiz tamomila yorilib ketar, tovonlarimizning qavat-qavat yoriqlaridan hamisha qon silqib turardi. “Juhud kalish” degan kiyim chiqib, biroz yengil tortdik. Yupqa rezinadan kleylab yasalgan kalishlar… ikki kunga ham chidamas, darrov tagi yo’lda tushib qolardi. Shu kalishlarning ichi qor va muz, loy bilan to’lar, uni botgan joyida qoldirib, yana yalangoyoq bo’lib olsak yengil tortardik. Oyoq hech tinmay sirqirab og’rir, balchiqqa botib karaxt bo’lib qolgan bu notavonni nima qilishni bilmasdik. Og’rishiga esa chidab bo’lmasdi. Tiriklik qon silqib turgan oyoq bo’lib ko’rinardi bizga…”
Ikkinchi yo uchinchi kursda o’qib yurganimizda Ibrohim G’afurov universitetimizga kelib biz talabalar bilan uchrashgani esimda. O’shanda u zaldagi talabalar g’ala-g’ovur qilib, uning suhbatiga diqqat qilmaganidan achchig’lanib, talabalarga tanbeh bergandi. Uning ovozi mungli, soda odamning iltijosiga o’xshab chiqdi.
“Muncha sodda bo’lmasa bu odam, bunaqa oldi-qochdi uchrashuvlar hozir kimga yoqadi”, deb o’ylagandim. Uning odamiylik, vatanparvarlik haqida berilib, jo’shib gapirishi ensamni qotirgandi.

more…

Category: Adabiyot, Kitob javonim, Kundalik  | Tags:  | Leave a Comment
Sunday, November 01st, 2009 | Author: Behzod

Ichim to’la g’alati bir his,
Bilmay qoldim, nima yashirin.
O’ylarimdan qolar dardli iz –
Tolmoqdaman olgan sari tin.

Yolg’iz qoldim, boshlanar bu hol.
Xayolimdan sirqir qora qon.
Ishlarimdan qo’l siltab darhol
Ketgim kelar bosh oqqan tomon.

Vujudimda horg’in iztirob,
Dardlarimni dardga o’rayman.
Ruhim bo’lib qoldimi betob?
O’z-o’zimdan shuni so’rayman.

Keng dalaga yo’limni bursam,
Yotsam bag’rim berib tuproqqa,
Yoz oqshomi yulduz sanasam,
Borsam edi bug’doy o’roqqa…

Onajonim qadoq qo’llarin
Yuzga bosib uxlasam uzoq,
Mayli, qayta uyg’onmasam ham,
Qiyin sog’inch bilan yashamoq!

2005-yil

Category: Adabiyot  | Tags:  | One Comment