15:11. Bugun “PR Foundations” darsida kursdoshim Jo Vatikan hamda boshqa nasoro guruhlarining “Da Vinchi kodi” filmiga nisbatan ko’rsatgan munosabatlari etikaga qanchalik to’g’ri kelishi haqidagi yozma ishini himoya qildi. Gap men tashlagan savoldan so’ng so’z erkinligi huquqi ostida diniy e’tiqodlarni tahqirlash mavzusiga taqaldi.
Guruhlarning filmga munosabati qanchalik etikaga to’g’ri kelishi mavzusini bahs etishdan oldin, avvalo, diniy e’tiqodni buzib ko’rsatuvchi, hatto tahqirlovchi kitob yozish yoki film yaratish qanchalik etikaga to’g’ri keladi, degan savol tashladim. Kursdoshlarimning deyarli barchasi so’z erkinligi bunga ruxsat beradi, deyishdi. Juda bo’lmaganda, AQSHda, deb qo’shimcha qilishdi. Biroz bahsga kirishdik. Darsdan so’ng, Lesley, Jo va Karol bilan ayni suhbatni tashqarida davom ettirdik. Payg’amabrimiz Muhammad (sav) haqida Daniyada chizilgan suratlar mavzusi ham yodga olindi…
Umuman, qiziq mavzu. Meni doim bu masala o’ylantiradi. So’z erkinligi insonga istalgan narsani gapirish yoki qilish huquqini beradimi? Bu huquq shunchalar cheksizmi?
Bu haqda kengroq maqola yozib, blogimga qo’ymoqchiman. Ammo bu ko’p izlanishni, vaqtni talab etadi. Fursat masalasida hozir qashshoqman. Nasib qilsa, yaqin orada bu haqda yozaman.

So’nggi munosabatlar