Archive for the Category » Chop etilgan maqolalarim «

Tuesday, November 17th, 2009 | Author: Behzod

(Hikoya)

Lorens BLOK

Muallif haqida:
Lorens Blok 1938-yili AQSHning Nyu-York shahrida tug’ilgan. Amerika yozuvchilarining Edgar mukofoti hamda boshqa ko’plab adabiy sovrinlar sohibi. Kriminal mavzudagi romanlari bilan mashhur. Sobiq politsiyachi Met Skadder hayotidan hikoya qiluvchi romanining Jef Bridjes ijrosidagi „O’limga eltuvchi yetti million yo’l” deb nomlangan kinotalqini ham yaratilgan. Yozuvchi hozir Nyu-Yorkda yashab ijod qiladi.

Politsiyachi ko’prik ustiga mashina kelib to’xtaganini ko’rdi. Lekin bu uning unchalik e’tiborini tortmadi. Qatnov siyrak bo’lgan kechalari bu yerga yo’lovchilar tez-tez to’xtab turishadi. Shaharni qoq ikkiga bo’lib oquvchi daryo ustiga qurilgan bu ko’prikdan shahar manzarasini tomosha qilish g’oyat maroqli…
Ko’prikni o’z joniga qasd qilganlar ham yaxshi ko’rishadi. Bugungi notanish odamning ham o’shalardan biri bo’lishi mumkinligi dastlab politsiyachining xayoliga kelmadi. Lekin uning ko’prik chetiga kelib to’siqqa oyoq qo’yganini ko’rgach, undan shubhalana boshladi. Bu yerda bir gap bor edi: qorong’ulik o’z bag’riga qandaydir sirni yashirayotgan edi.
Politsiyachi sharpaga bir zum tikilib qoldi. ”Unga yetib olishga ulguramanmi?” U dastlab hushtak chalmoqchi ham bo’ldi, lekin darhol bu niyatidan qaytdi. Chunki dabdurustdan shovqin ko’tarish o’z jonidan to’ygan odamga aks ta’sir etib, ko’ngilsizlikning sodir bo’lishini tezlashtirib yuborishi mumkin edi…
Notanish kimsa tamaki tutata boshladi. ”Demak, hali vaqti bor, – o’yladi politsiyachi, – Ularning hammasi so’nggi lahzalarda tamaki chekishadi”.
Politsiyachi unga yaqinlashish maqsadida asta yura boshladi. Oradagi masofa chamasi o’n metrlar qolganda sharpa oyoq tovushini eshitib, keksin o’girildi-da, bir qadam orqaga tisarildi. So’ng qochish imkoniyatini boy bergani uchun bo’lsa kerak, boshini chayqab qo’ydi. Ko’prik oldida turgan odam o’ttiz yoshlardagi uzun yuzli, qora qalin sochlari yuziga tushgan daroz bir odam edi.
– Shaharni tomosha qilyapsizmi? – deya gap boshladi politsiyachi, – Bu yerda kimdir borligini ko’rib, gaplashgim keldi. Yarim tunda yolg’izlik odamni zeriktiradi.
U tamaki qidirayotgandek cho’ntagini paypasladi.
– Sizda ortiqcha tamaki topilmaydimi?
Notanish odam cho’ntagidan tamaki olib politsiyachiga uzatdi. Politsiyachi unga tashakkur bildirib, ko’zini olisga tikdi.
– Juda go’zal-a? Odam bu yerda o’zini xotirjam sezadi.
– Menga buning ahamiyati yo’q. – tungi mehmon tilga kirdi, – Men odamni xotirjam qiladigan boshqa yo’llarni o’ylayman.
– Janob, – politsiyachi biroz taraddudlandi-da, go’yo uning dardini tushunganday bo’ldi, – Hamma narsa ham vaqt o’tishi bilan o’z iziga tushib ketadi. Bu o’zi shunaqa dunyo. Bori shu, ko’prikning ustida turib har ne qilishga urinsang ham, baribir, uni o’zgartirolmaysan.
Ko’prik mehmoni bu gaplarga e’tiroz bildirmadi. Jim xayol surgancha tamaki burqsitdi. So’ng qo’lidagi tamaki qoldig’ini pastga tashlab, uning suvga tushishini tomosha qildi.
– Mening ismim Edvard Rayt, – u boshini ko’tarib politsiyachiga yuzlandi, – To’g’ri aytdingiz, men xato o’ylagan ekanman.
– Sizni aynan nima bezovta qilyapti?
– Aytarli hech narsa.
– Doktorga uchradingizmi? U sizga yordam beradi.
– Hamma shunaqa deydi.
– Balki achchiqroq qahva icharsiz?

more…

Saturday, November 14th, 2009 | Author: Behzod
wnextopener_0324

Yangi tarix kitobining 2008-sahifasiga bitilgan satrlar ham o‘z poyoniga yetib qoldi. Hayot atalmish muallifning shafqatsiz, lekin odil qalami hech bir voqeani nazardan chetda qoldirgani yo‘q. Ayrim o‘rinlarda u quvonchu shodlik nomalarini bitgan bo‘lsa, ba’zan satrlarda siyoh emas, qon oqdi. 366 qatordan iborat sahifa shonli va qonli voqealarga boy. Syujet esa murakkab. Ko‘p o‘rinlarda Muallif o‘ta shafqatsiz yo‘l tutgan, qalamidan qon tomadi, ayrim satrlarda esa uning nega bunchalar saxiy ekanidan hayratlanamiz. Ammo voqealar to‘qima emas. Kitobdagi bitiklarning barchasi haqiqat. Zero u hayot kitobidir…
Tarix solnomasiga ana shunday tarzda muhrlanib borayotgan 2008-yil, darhaqiqat, turfa voqea-hodisotga boy bo‘ldi. Jahon sahnasi xilma-xil o‘yinlarning guvohiga aylandi. Hodisalar rivoji tarix qonuniyatiga binoan o‘tgan yillardagi kabi bir maromda davom etib bordi. Lekin yil o‘ziga xos, bir necha o‘n yilliklarda ko‘rilmagan va kutilmagan voqealarga ham shohidlik qildi.
2008-yilda Iroq, Afg‘oniston, Yaqin Sharq, Somali kabi dunyoning qaynoq nuqtalaridagi nizo va urush o‘choqlari yonishda davom etdi. Gruziyadagi siyosiy inqiroz esa kutilmagan va xunuk oqibatlarga boy yangi mojaro bo‘lib tarixga kirdi. Pekindagi yozgi olimpiada o‘yinlari dunyo xalqlari birodarligini kuchaytirgan global sport bayrami sifatida keng nishonlangan bo‘lsa, yil oxiriga kelib bosh ko‘targan jahon moliyaviy inqirozi ko‘p rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarni tiz cho‘ktirdi. AQShda Barak Obamaning prezident sifatida saylanishi esa nafaqat yilning, balki butun Amerika siyosiy tarixining eng unutilmas va o‘ziga xos saylovlaridan biriga aylandi.
Keling, shu kabi yilning eng muhim voqealarini batafsilroq sarhisob qilamiz.
Wednesday, November 11th, 2009 | Author: Behzod

Mumkin emas deganlar o’qi(ma)sin!

quit_smokingChekish sog‘liq uchun xavfli ekanini hamma biladi. Uning qon-tomir, o‘pka, yurak, rak kabi kasalliklarga olib borishi va alaloqibat chekuvchini halok qilishi ham ko‘pchilikka ma’lum. Shuning uchun kashandalar orasida chekishga o‘rganib qolganidan afsuslanadigan, ammo uni endi tark etolmay qiynalib yurganlar ko‘p.Ana shunday kishilarning istalgan biridan so‘rab ko‘ring, u chekishni qanday boshlagan ekan?Turli mamlakatlarda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, chekuvchilar odatda birinchi bor boshqalarga havas qilib, kimgadir qiziqib yoki shunchaki kattalar, film qahramonlariga taqlid qilgani uchun lablariga tamaki qistirishadi. Nikotin xumorini qondirish, chekkandan so‘ng badanning orom olishi kabi kashandalar istaydigan holatlar birinchi chekishda ro‘y bermaydi. Aksincha, tamakidan olingan ilk “bo‘sa” ko‘pchilikda yoqimsiz taassurot qoldiradi.Bilib-bilmay muntazam chekib yurish oqibatida chekishning yuqori bosqichlari-unga o‘rganib qolish, usiz turolmaslik kabi holatlar yuzaga keladi. Kashandalarning aksariyati endi majburliklaridan, badanlari nikotin moddasiga o‘rganib qolgani uchun chekadi. Organizmi shu zaharli og‘uni talab qilayotgani bois ular har kuni burqsitib tamaki tutatishga majbur.Kuniga 10 donadan ko‘p tamaki “tanovul” qiladigan chekuvchi rasman kashanda hisoblanadi. Bundan kam chekuvchilar esa, hali nikotin moddasiga to‘la o‘rganmagan hisoblanib, ularning chekishni tark etishlari kashandalarga qaraganda oson kechadi. Chekuvchilar kun o‘tgan sayin badanlarini zaharlab, zaiflashib, o‘limga olib boradigan dardlarga duchor bo‘layotganlarini yaxshi bilishadi. Shuning uchun ularning aksariyati chekishga o‘rganib qolganlaridan afsuslanadi. Uni tark etishga ko‘p bor urinishadu-yu, ammo ko‘pincha muvaffaqiyatsizlikka uchrab, yana chekishda davom etadi.Dunyo bo‘ylab har kuni 15 mln. inson chekishni tashlashga urinar ekan. Siz ham shu ishga qo‘l ursangiz, shu millionlab insonlarning biri bo‘lasiz.
Biz bugungi maqolamizda ayni shu maqsad yo‘lida chekuvchilarga yordam berishni niyat qildik. Sizga qanday qilib chekishni butunlay tark etish mumkinligini tavsiya etmoqchimiz. Bu, shunchaki, chekishni tashlang, oqibati o‘lim bilan tugaydi, degan oddiy qo‘rqitish yoki umumiy nasihatlardangina iborat bo‘lmaydi. Balki tajribada sinalgan, foyda bergan usullar, yo‘llar haqida hikoya qilamiz. Jahondagi malakali va tajribali sog‘liqni saqlash tashkilotlari hamda maxsus chekishga qarshi kurash jamiyatlarining tibbiyot vakillari va tadqiqotchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqqan hamda sinab ko‘rgan ilmiy yo‘l-yo‘riq va dasturlarini e’tiboringizga havola qilmoqchimiz.
Bular chekishni tashlashni niyat qilib, ammo undan qanday qutilishni bilmayotgan yoki eplolmayotgan hamyurtlarimiz uchun kerakli qo‘llanma va amaliy yordam bo‘ladi, deb umid qilamiz.
Chekish odatidan qanday qutilish mumkinligi haqida so‘z yuritishdan oldin yana bir muhim gapni aytib o‘tmoqchimiz. Bu hali chekuvchilar safiga kirib ulgurmagan, biroq unga qiziqib, ta’mini tatib ko‘rgan, kashandalar olamiga endi kirib kelayotgan yoshlarga qaratiladi. Diqqat, ogohlantirish: Ehtiyot bo‘ling! Siz shunday bir olamga kirib kelyapsizki, ertaga bu yerdan chiqishni istab qolsangiz, ortga qaytish juda qiyin bo‘ladi. Bu ko‘chaga kirganingizdan so‘ng ko‘p pushaymon yeyishingiz aniq. Ishonmasangiz, sen chekishga o‘rganma, deb, ammo o‘zi tamaki burqsitib o‘tirgan kattalardan so‘rang. Chekma, deb nega o‘zi chekayotgani haqida bir o‘ylab ko‘ring. So‘nggi pushaymon-o‘zingga dushman bo‘lmasligi uchun, hozirdan buni tushunib yeting!

more…

Category: Chop etilgan maqolalarim  | Tags:  | Leave a Comment
Tuesday, November 03rd, 2009 | Author: Behzod

Yoxud qashshoqlikdan qutilish mumkinmi?

“Qashshoqlik”, Keys Kolvitz, 1893-94.

Qashshoqlik – murakkab muammo. Ayni paytda u qadimiydir. Insoniyat bunyod bo‘lganidan beri boy va kambag‘al tushunchalari mavjud. Kimdir yo‘qchilikdan bir burda non topishga qiynalsa, kimdir boyligini qo‘ygani joy topolmaydi. U turli makon va zamonda o‘zgarib, xilma-xil shaklda namoyon bo‘ladi.
Qashshoqlik hayot uchun zarur bo‘lgan birlamchi ehtiyojlarni qondira olmaslik bilan belgilanadi. Hayot uchun zaruriy birlamchi talablarga oziq-ovqat, kiyim, boshpana, toza ichimlik suvi kabi ehtiyojlar kiradi.
Statistik ma’lumotlarda, bugun dunyo aholisining qariyb teng yarmi qashshoqlikdan aziyat chekayotgani aytiladi.
Qashshoqlikni mutlaq yoki nisbiy turlarga bo‘lish mumkin. Mutlaq qashshoqlik barcha davlat va sharoitlar uchun o‘zgarmas bo‘lgan umumiy o‘lchovlarni o‘z ichiga oladi. Masalan, bir kunlik oziq-ovqat kaloriyasini iste’mol qilish imkoniyatidan bebahra odamlar mutlaq qashshoqlar qatlamini tashkil etadi. Nisbiy qashshoqlik esa davlatlardagi iqtisodiy rivojlanganlik darajasi va boshqa omillar tufayli turli makonlar uchun har xil o‘lchovlarni qabul qilish orqali aniqlanadi.
Jahon Banki bir kunda bir dollardan kam daromad qiluvchi insonlarni o‘ta qashshoqlar toifasiga kiritgan. Kuniga ikki dollarga yaqin daromad qiluvchilar esa o‘rtacha qashshoqlar sinfini tashkil etadi. 2005-yilgi ma’lumotga ko‘ra, dunyoda o‘rtacha 1,4 mlrd. kishi o‘ta qashshoqdir. 2,7 mlrd. inson esa o‘rtacha qashshoqlar hisoblanadi.
Qashshoqlar sonining aksariyati rivojlanayotgan uchinchi dunyo mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Ulardagi qashshoqlar soni 1990-yildagi 28 foizdan 2001-yilda 21 foizga kamaygan. Dunyo bo‘yicha umumiy hisobda bir dollardan kam daromad qiluvchilar soni ham 1981–2001-yillar orasida teng yarmiga qisqargan. Tropik Afrika mamlakatlarida esa qashshoqlar soni 1981-yili 41 foizdan 2001-yili 46 foizga o‘sgan.
Kambag‘allikning barcha mamlakatlar hamda mintaqalar uchun bir xil bo‘lgan universal ta’rifi mavjud emas. Qashshoqlikni belgilaydigan miqdoriy ko‘rsatkichlar esa nisbiydir. U, avvalo, mamlakatning iqtisodiy rivojlanish darajasiga bog‘liq. Kambag‘allikning asosiy tavsifi uning ijtimoiy nomaqbulligi, ya’ni kambag‘allik kishilar duchor bo‘lishdan qochadigan voqelik ekanidir.