Archive for the Category » Ma’rifat «

Friday, November 13th, 2009 | Author: Behzod

Bizni kemirguvchi illatlar deganda, zaxmu maraznimi gumon etarsiz? Yoyinki, sil, silariya (o‘pka sili) va maxavliknimi dersiz? Yo‘q, andan ham yamonroq va andan ham jonxarosh (jon azobi), bevoya, xonavayron va g‘arib etguvchi bir dard, biz – turkistoniylarni shahri va qishloqi, yoyinki yarim madaniy, yarim vahshiy sinflarimizg‘acha istilo etib, butun tirikligimizg‘a sorilgan va bizni inqirozg‘a va tahlikag‘a va jahannamg‘a yumalaturg‘on to‘y, azo ismindagi ikki qattol dushmanni derman.
Atomizdan mehribon Tangrimiz jalla va a’lo Q‘ur’oni Karimda “Lo talaqqu bi yadikum ala tahlikkatihi”, ya’ni o‘z qo‘llaringiz ila o‘zingizni tahlikaga otmangiz, der. Biz bo‘lsa, badbaxtona va Xudoning amrig‘a bo‘yun qo‘ymasdan kofirona bir suratda to‘y va azo degan, yo‘q bo‘lushimizg‘a sabab bo‘lgan odatlarga boru yo‘qimizni sarf va isrof etarmiz. Yilda ikki oy Navro‘zi kofiri uchun sayr etarmiz. Bir oy muqaddam Samarqandni Panjakent qasabasidagi Navro‘z sayrig‘a mushak-fishang otishdan uchgina kishi o‘lub, o‘ndan ziyoda kishi majruh bo‘ldi. Ko‘pkari va uloq chopmoqlik odati ma’lunonsig‘a har viloyatdan har sana yuzlar ila kishi oxiratg‘a ko‘char, na qadar kishi majruh va ma’yub bo‘lar. Ko‘p kishilar sayr va ko‘pkari shumligi ila ishdan va ziroat vaqtidan qolur. Uyig‘a yo‘q, xo‘kkuzi va sog‘ar siyiri yo‘q ekan, bir necha yuz so‘mg‘a ot olib va har kuni anga hindek parastish etib, har kun bir so‘m sarf etar, na uchun? To‘y va sayrg‘a ko‘pkari chopmoq uchun. Un-yigirma chaqirimg‘a to‘y bo‘ldimi, har kim ishini, dehqonchiligini qo‘yub, otlanib ko‘pkariga ketar. Dehqon uchun oltundan aziz vaqt favt bo‘ldi-ketdi. Eski birgina kun so‘ngra yig‘ilgan uchun yog‘inga qolib, ba’zi xirmonlar chirib ketar.
Ma’lum bir shaharda yahudiylar ba’zan o‘luklarini oqshom elitib ko‘marlar. Na uchun? Kunduzi ishdan qolarlar. Biz bo‘lsa, o‘luk va to‘y uchun haftalar, hatto, oylar ila ishdan qolurmiz. Holbuki, shore’i a’zam, Payg‘ambari akram, sallollohi alayhi vasallam, hazratlari o‘lganni tez ko‘mub va ko‘mgandan so‘ngra tez tarqalib, ishg‘a ketmoqg‘a va o‘lukxona xalqini uch kundan ziyoda ta’ziya tutmasg‘a, qaro kiymasg‘a, kir, falokat bo‘lmasg‘a amr etarlar. Ey xalq! Ey musulmonlar! Biz na uchun Xudo va Rasulni so‘zig‘a va o‘zimizni na’fimizg‘a amal qilmaymiz? Biz devonami? Biz taklifdan tashqarimi (Taklif-bu yerda, insoniy burch, vazifa ma’nosida), Xudo uchun so‘ylangiz. Biz nima?

Mahmudxo‘ja Behbudiy,
“Oyna” jurnali, 1915-yil, 13-son

Category: Ma'rifat, O'zbek matbuoti  | Tags:  | 4 Comments
Tuesday, November 10th, 2009 | Author: Behzod
imam.zaid

Bugun universitetimizga AQSHlik taniqli Islom olimi Zayd Shakir tashrif buyurdi. Mehmon bilan kechki soat 6:30 dan 8:30 gacha Talabalar Ittifoqi binosida suhbatda bo’ldik.

Zayd Shakir Islomning G’arbdagi taniqli  ulamolaridan. Kaliforniyaning Berkeley shahrida tavallud topgan. 1977-yil AQSH Havo Kuchlarida harbiy xizmatda bo’lgan chog’ida Islom dinini qabul qilgan. Vashingtondagi Amerika Universitetida Xalqaro Munosabatlar bo’yicha bakalavrlik darajasini, Rutgers Universitetida Siyosatshunoslik bo’yicha magistrlik darajasini olgan.

Misrda bir yil arab tili tahsilini olgandan so’ng, Konnektikutdagi musulmonlar jamoasida faol tashkilotchilik ishlari bilan band bo’ldi. Masjid al-Islomni tashkil etishda qatnashib, unga 1988-1994-yillar davomida imomlik qildi. So’ng an’anaviy Islom ilmlarini o’rganish maqsadida Suriyaga yo’l oldi.

Yetti yil davomida Suriyada, so’ng bir muddat Marokashda Arab tili, Islom huquqi, Qur’on va Tasavvuf ilmlarini o’rgandi. 2001-yili Suriyaning mashhur Abu Nur Universitetini muvaffaqiyatli tamomlab, Konnektikutga qaytadi va yana Masjid al-Islomda imomlikni davom ettiradi. Shu yili uning Arab tilidan Ingliz tiliga o’girgan “Payg’ambarning merosxo’rlari” asari nashrdan chiqadi.

Imom Zayd 2003-yili Kaliforniyaga ko’chib o’tdi. Hozir bu yerdagi Zaytuna Institutida Arab tili, Islom huquqi, Tarix va Tasavvufdan talabalarga dars bermoqda. 2005-yili Zaytuna Instituti uning turli maqolalaridan iborat “Tarqoq chizgilar: amerikalik musulmonning kechinmalari” nomli kitobni nashrdan chiqardi…

more…

Category: Kundalik, Ma'rifat  | Tags: ,  | 3 Comments
Saturday, November 07th, 2009 | Author: Behzod

Kecha kanadalik bir o’zbek do’stim bilan gaplashdim. Ishxonalariga yangi bir yigit ishga kiribdi, xristian. Dindan gap chiqib, o’sha yigit bilan Islom haqida ancha gaplashibdi. Qizig’i, yigit o’sha suhbatdan keyinoq, o’sha kunning o’zidayoq Islomni qabul qilibdi. Subhanalloh. :)
Yigit diniga amal qiladigan xristianlardan ekan. Hatto o’sha kuni o’z dini yo’rig’i bo’yicha ro’za tutgan ekan.
Hidoyat Allohning qo’lida, Allohga oson. Istaganini lahzada hidoyat qiladi. Istaganini bir umr arosatda tentiratadi…

Category: Ma'rifat  | Tags:  | One Comment
Friday, November 06th, 2009 | Author: Behzod

Untitled-1Forum.arbuz.comda “Arosat” filmi haqida ochilgan mavzuga tasodifan ko’zim tushib qoldi. Filmni maqtashgan ekan. Ayniqsa, uni Islom bo’limida yozganlari diqqatimni tortdi. Nahotki, O’zbekfilm diniy-islomiy ruhda film yaratgan bo’lsa? Forumga qo’yilgan “link” orqali kirib, ushbu filmni boshidan oxirigacha tomosha qildim…

O’zbek tilida film ko’rmaganimga ko’p bo’ldi. “Mahallada duv-duv gap”, “Suyunchi”, “Abdullajon”, “To’ylar muborak”, “Kelinlar qo’zg’oloni” kabi o’zbek filmining oltin namunalarini hanuz sevib tomosha qilaman. Ammo keyingi yillarda yurtimiz kinoteatrlari bozorbop,  o’tkinchi sevgi-muhabbat haqidagi ma’nosi va sifati sayoz filmlarga to’lib ketdi. Ko’rib ensam qotadi xolos. Nahotki, o’zbek film san’ati shuncahlik sayozlashib ketdi?

Kinoteatrlarning yoshlar bilan gavjumligini ko’rib hatto hayron qolaman. Kino shu qadar muvaffaqiyatli chiqqanmi yo yoshlarimizning saviyasi shunchalik pastlashib ketdimi? Balki kinoteatrga borishdan maqsad kinofilm tomosha qilish emas, “zamonaviy” yoshlar jamoasidan ajralib qolmaslik uchun bo’lgan urinishdir…

Rejissor Mansur Abduxoliq tomonidan suratga olingan “Arosat” filmi menga yoqdi. Boshida ta’kidlanishicha, film bo’lgan voqea asosida ishlangan ekan. U qanaqadir “Najotkor” (Diniy guruh, lekin qaysi dinga mansubligi haqida filmda hech qanday ma’lumot yo’q. Islomiy emasligi aniq, xristianlikka oid bo’lsa kerak.) oqimiga qo’shilib qolgan va guruhning faol targ’ibotchisiga aylangan o’zbek ayolining fojiaviy taqdiri haqida. Ushbu ayol eri bilan birgalikda “Najotkor”ga qo’shilgan bo’ladi. U o’zbek xotin-qizlari orasida guruhning faol targ’ibotchisiga aylanadi. Kunlarning birida u ko’chada avtohalokatga uchraydi va halok bo’ladi…

Film qizning halokatidan so’ng ro’y beradigan voqealar haqida hikoya qiladi. Qiz murtad bo’lgani uchun, hech kim unga janoza o’qishni istamaydi. Qabristonlarda ham uning jasadini qabul qilishdan bosh tortishadi. Nihoyat, marhumaning oilasi tog’li bir pastqam joyga yarim tunda borib, uni ko’mib qaytadi. Oila a’zolari ortga qaytishlari bilan yangi qabr boshida itlar galasi paydo bo’ladi va jasadni yer ostidan tortib chiqarishadi…

more…

Category: Ma'rifat, O'y  | Tags:  | Leave a Comment