Archive for the Category » O'y «

Thursday, November 12th, 2009 | Author: Behzod

15:11. Bugun “PR Foundations” darsida kursdoshim Jo Vatikan hamda boshqa nasoro guruhlarining “Da Vinchi kodi” filmiga nisbatan ko’rsatgan munosabatlari etikaga qanchalik to’g’ri kelishi haqidagi yozma ishini himoya qildi. Gap men tashlagan savoldan so’ng so’z erkinligi huquqi ostida diniy e’tiqodlarni tahqirlash mavzusiga taqaldi.

Guruhlarning filmga munosabati qanchalik etikaga to’g’ri kelishi mavzusini bahs etishdan oldin, avvalo, diniy e’tiqodni buzib ko’rsatuvchi, hatto tahqirlovchi kitob yozish yoki film yaratish qanchalik etikaga to’g’ri keladi, degan savol tashladim. Kursdoshlarimning deyarli barchasi so’z erkinligi bunga ruxsat beradi, deyishdi. Juda bo’lmaganda, AQSHda, deb qo’shimcha qilishdi. Biroz bahsga kirishdik. Darsdan so’ng, Lesley, Jo va Karol bilan ayni suhbatni tashqarida davom ettirdik. Payg’amabrimiz Muhammad (sav) haqida Daniyada chizilgan suratlar mavzusi ham yodga olindi…

Umuman, qiziq mavzu. Meni doim bu masala o’ylantiradi. So’z erkinligi insonga istalgan narsani gapirish yoki qilish huquqini beradimi? Bu huquq shunchalar cheksizmi?

Bu haqda kengroq maqola yozib, blogimga qo’ymoqchiman. Ammo bu ko’p izlanishni, vaqtni talab etadi. Fursat masalasida hozir qashshoqman. Nasib qilsa, yaqin orada bu haqda yozaman.

Thursday, November 12th, 2009 | Author: Behzod

Bugun muhim ishim bor. Peshindan so’ng elchixonaga kirishim kerak. Maqsadim — suhbatdan muvaffaqiyatli o’tib, xorijda magistraturani o’qish uchun grantni qo’lga kiritish.
Shuning uchun erta sahar har kungidan boshqacha bo’lib uyg’ondim. Chiroyli tahorat olib, bomdod namozini xushu’-huzu’ bilan o’qidim. So’ng Allohga uzoq duo qildim. Bugungi ishimda madadkor bo’lishini, suhbatdan muvaffaqiyatli o’tib, o’qish uchun grant yutishimni hamda bu o’qish men uchun xayrli bo’lishini so’radim. Oxiratim uchun so’rashni ham unutmadim. Istig’for-u salovotlarni o’qib, maxsus duoni xirgoyi qilgancha ko’chaga otlandim…
Bu bugungi kunim. Lekin kechagi va undan oldingi kunlarim ham shu kabi bo’lgan, deb aytolmayman. Bugungidek Allohga ixlos bilan duo qilmagan kunlarim behisob. Ishga ketishdan oldin bir lahza cho’k tushib kunimning xayrli o’tishini so’rab qachon oxirgi marta duo qilganimni eslolmayman…
Nega bugun Allohga alohida ixlos bilan duo qilib qoldim?! Chunki bugun muhim ishim bor. Bunaqa paytlar Alloh yodga tushib qoladi. Ishimiz bitishini istab hatto kechasi tahajjudga ham turamiz. Boshimizga qiyinchilik tushsa-ku, bundan ham battar xudojo’yga aylanamiz. Vaholanki, olayotgan har bir nafasimiz, sog’-omon o’tayotgan har bir daqiqamiz, xalqumimizdan o’tayotgan har bir ho’plam suv naqadar ulug’ ne’mat ekanini va bular uchun har kuni, har soniya beto’xtov shukr-u hamdlar aytsak-da oz ekanini har doim ham o’ylab ko’ravermaymiz.
Bu dunyo hayoti uchun eng zarur narsa nima deb, istang dahriydan, istang dindordan so’rab ko’ring, ularning barchasi havo va suv deb javob berishi shubhasiz. Odatda, muhim narsalar haqida gap ketganda, suv bilan havodek zarur degan iborani ishlatamiz. Bu ham mavjud ne’matlarning naqadar kerakli va zarur ekaniga ishora. Alloh taolo ana shunday eng zarur ne’matlarni tekin va yetishish oson qilib qo’yibdi. Istasa, uni pulli yoki xos joylarga mashaqqat bilan borib qo’lga kiritiladigan narsa qilib qo’yishi ham mumkin edi. Lekin unday qilmadi, balki eng topilishi oson ne’mat qilib qo’ydi.
Ana shunday ne’matlar bergan Allohga nega shukrona keltirmayapmiz? Nega unga faqat bugungi kunimdek ehtiyojimiz tushganda yoki boshimizga musibat kelganda yolboramiz?..
Keling, har tong uyg’onganimizda, har kecha uyquga ketish uchun o’rnimizga kirganimizda, maxsus duolarni o’qishga odatlanaylik. Hech bo’lmaganda, ey Alloh, o’tgan ushbu kun uchun Senga behisob shukrlar bo’lsin, yoki, ey Alloh, yana sog’-omon tong orttirganim uchun Senga shukrlar aytaman, deyishni o’zimizga odat qilaylik.
Keling, do’stim, shu ishni birga qilamiz…

2009-yil, 22-yanvar

Category: Kundalik, O'y  | Tags: ,  | Leave a Comment
Friday, November 06th, 2009 | Author: Behzod

Untitled-1Forum.arbuz.comda “Arosat” filmi haqida ochilgan mavzuga tasodifan ko’zim tushib qoldi. Filmni maqtashgan ekan. Ayniqsa, uni Islom bo’limida yozganlari diqqatimni tortdi. Nahotki, O’zbekfilm diniy-islomiy ruhda film yaratgan bo’lsa? Forumga qo’yilgan “link” orqali kirib, ushbu filmni boshidan oxirigacha tomosha qildim…

O’zbek tilida film ko’rmaganimga ko’p bo’ldi. “Mahallada duv-duv gap”, “Suyunchi”, “Abdullajon”, “To’ylar muborak”, “Kelinlar qo’zg’oloni” kabi o’zbek filmining oltin namunalarini hanuz sevib tomosha qilaman. Ammo keyingi yillarda yurtimiz kinoteatrlari bozorbop,  o’tkinchi sevgi-muhabbat haqidagi ma’nosi va sifati sayoz filmlarga to’lib ketdi. Ko’rib ensam qotadi xolos. Nahotki, o’zbek film san’ati shuncahlik sayozlashib ketdi?

Kinoteatrlarning yoshlar bilan gavjumligini ko’rib hatto hayron qolaman. Kino shu qadar muvaffaqiyatli chiqqanmi yo yoshlarimizning saviyasi shunchalik pastlashib ketdimi? Balki kinoteatrga borishdan maqsad kinofilm tomosha qilish emas, “zamonaviy” yoshlar jamoasidan ajralib qolmaslik uchun bo’lgan urinishdir…

Rejissor Mansur Abduxoliq tomonidan suratga olingan “Arosat” filmi menga yoqdi. Boshida ta’kidlanishicha, film bo’lgan voqea asosida ishlangan ekan. U qanaqadir “Najotkor” (Diniy guruh, lekin qaysi dinga mansubligi haqida filmda hech qanday ma’lumot yo’q. Islomiy emasligi aniq, xristianlikka oid bo’lsa kerak.) oqimiga qo’shilib qolgan va guruhning faol targ’ibotchisiga aylangan o’zbek ayolining fojiaviy taqdiri haqida. Ushbu ayol eri bilan birgalikda “Najotkor”ga qo’shilgan bo’ladi. U o’zbek xotin-qizlari orasida guruhning faol targ’ibotchisiga aylanadi. Kunlarning birida u ko’chada avtohalokatga uchraydi va halok bo’ladi…

Film qizning halokatidan so’ng ro’y beradigan voqealar haqida hikoya qiladi. Qiz murtad bo’lgani uchun, hech kim unga janoza o’qishni istamaydi. Qabristonlarda ham uning jasadini qabul qilishdan bosh tortishadi. Nihoyat, marhumaning oilasi tog’li bir pastqam joyga yarim tunda borib, uni ko’mib qaytadi. Oila a’zolari ortga qaytishlari bilan yangi qabr boshida itlar galasi paydo bo’ladi va jasadni yer ostidan tortib chiqarishadi…

more…

Category: Ma'rifat, O'y  | Tags:  | Leave a Comment
Thursday, November 05th, 2009 | Author: Behzod
Bugun “International Communication” darsida o’qituvchimiz o’rtaga savol tashladi: Terrorist deganda ko’z o’ngingizga qanday insonning qiyofasi gavdalanadi? AQSHlik talabalar birin-ketin sanay ketishdi: soqoli bor, boshida salla, uzun ko’ylak kiygan, arab…
Musulmon deganda ko’z o’ngingizga kim keladi, degan savol tashlansa ham, xuddi shu ta’rifni berishgan bo’lardi…
Nahotki, musulmon bilan terroristning o’rtasida farq bo’lmasa?
Category: Kundalik, O'y  | Tags: ,  | One Comment
Saturday, October 31st, 2009 | Author: Behzod

Men kimman? Bilmayman. To’g’ri, men odamman, talabaman, deyishim mumkin. Lekin yaxshi odammanmi yoki yomonmi, shunisini bilmayman.
Meni do’stlarim, kursdoshlarim yaxshi tanishadi. Yaxshi tanishlari shuki, ular meni kamsuqum, kamgap, ko’ngilchan bola deb bilishadi. Ehtimol, yaxshi bola deb o’ylashar. Ehtimol. Lekin men o’zimni o’zim yaxshi bilmayman. O’zimni o’zim yaxshi odam deb o’ylashga qo’rqaman.
Ehtimol, bu gap sizning kulgingizni qistatar. Lekin men, kimdir o’zining kimligini bilmayapti, deyishsa, kulmagan bo’lardim.
Hamma narsa o’zni bilishdan boshlanadi, deyishadi. Odam o’zini tanisa, Haqni taniydi, deyishadi. Haqni tanigan odam shunga yarasha harakat qiladi. Lekin men shunga yarasha harakat qilolmayapman-da. Demak, men Haqni yaxshi tanimayman. Yo’q, Haqni tanimayman, deyishdan Xudo asrasin. Faqat, Haqni to’la anglolganim yo’q, deb o’ylayman. Chunki yurish-turishim, qilayotgan va qilmayotgan ishlarim shundan dalolat beradi. Demak, men o’zimni to’la kashf etolganim yo’q.
Mening asl basharam, o’y-xayollarim meni “yaxshi” taniydigan eng yaqin do’stimning ham yetti uxlab tushiga kirmagan bo’lsa kerak.
Men yomon odamman. Yomonligim shu darajadaki, uni eng jirkanch odamga aytishga ham uyalaman. Uyalishim shu darajadaki, ertaga bir kun shu ishlarimdan xabardor bo’lgan Zot oldida qanday bosh ko’tarib turishimni o’ylasam, vujudim larzaga tushadi. Chunki u payt qochadigan, yashirinadigan joyning o’zi bo’lmaydi. Kechirilgan taqdirimdayam, baribir, u gunohlarni qilmagan bo’lib qololmayman-ku… Baribir, U Zotning huzurida turishdan, yuzlariga tikilishdan uyalaman.
Qaniydi, shu ishlarni qilmagan bo’lsam…

2004-yil

Category: O'y  | Leave a Comment