Archive for the Category » O’zbek matbuoti «

Sunday, November 15th, 2009 | Author: Behzod
Alihan_ToreHayotda shunday insonlar bo’lar ekanki, ular tirikliklarida yoqib ketgan ma’rifat mash’allari zamonlar o’tishi bilan tobora yorqinroq alangalanadi. Darhaqiqat, Muhammad alayhissalom so’zlari bilan qayd etilganidek, “insonlarning yaxshilari farishtalardan ham a’lo”. Ba’zi buyuk insonlar xalq orasida hokisorlik bilan kamtarona yashab o’tib ketadilar. Ammo keyinchalik esa ularning naqadar aziz va qaytarilmas ekanliklari, o’z xalqi va vatani uchun hatto o’limlarga ham tik boqib, hayotini necha yuz bora xavf-xatarga solganliklari his etila boshlanadi. Ular yaratib ketgan ma’naviy boylik o’z xalqiga to abad meros bo’lib qoladi, necha avlod-ajdod bundan bahramand bo’ladi.
Ana shunday buyuk insonlardan biri Alixonto’ra Shokirxonto’ra Sog’uniydir.
Alixonto’ra 1885-yil 21-martda sobiq Turkiston o’lkasining To’qmoq shahrida o’zbek oilasida dunyoga keldi. Adabiy taxallusi tug’ilgan shaharining qadimiy nomi Bolasog’un bilan bog’liq (hozir Qirg’iziston jumhuriyati hududida).
Bobom bolaliklaridanoq ziyrakligi, uquvchanligi, har narsani o’z mohiyati bilan tushunib, fikrlay olishi va ayniqsa, oily darajadagi quvvai hofizasi bilan o’z aka-ukalaridan ajralib turgan. Shu o’rinda bir narsani ta’kidlashim joiz. Kamina ana shu buyuk inson tarbiyasidan bahramand bo’lgan nabiralardan erurman. Bobom haqida yozish men uchun naqadar sharafli bo’lishi bilan bir qatorda, o’ta mas’uliyatli hamdirki, sababi, beradigan ma’lumotlarim iloji boricha xolis bo’lmog’i lozim.
Katta bobomiz Shokirxon to’ra o’qimishli, oqil, ma’rifatparvar kishi bo’lgan ekan, shu sababdan ikkinchi o’g’lidagi qobiliyatni sezgach, bobomni Arabistonga o’qishga yuborgan. Madinada o’qib qaytgach, o’sha davr ilm-faniga chanqoq, ijtimoiy voqelikni tushunib yetgan fazl-karamlik yigit qalbida ona-Vatani mazlum Trukistonga, asoratda yashab kelayotgan jafokash xalqiga xizmat qilish hissi tug’yon urgan.
Friday, November 13th, 2009 | Author: Behzod

Bizni kemirguvchi illatlar deganda, zaxmu maraznimi gumon etarsiz? Yoyinki, sil, silariya (o‘pka sili) va maxavliknimi dersiz? Yo‘q, andan ham yamonroq va andan ham jonxarosh (jon azobi), bevoya, xonavayron va g‘arib etguvchi bir dard, biz – turkistoniylarni shahri va qishloqi, yoyinki yarim madaniy, yarim vahshiy sinflarimizg‘acha istilo etib, butun tirikligimizg‘a sorilgan va bizni inqirozg‘a va tahlikag‘a va jahannamg‘a yumalaturg‘on to‘y, azo ismindagi ikki qattol dushmanni derman.
Atomizdan mehribon Tangrimiz jalla va a’lo Q‘ur’oni Karimda “Lo talaqqu bi yadikum ala tahlikkatihi”, ya’ni o‘z qo‘llaringiz ila o‘zingizni tahlikaga otmangiz, der. Biz bo‘lsa, badbaxtona va Xudoning amrig‘a bo‘yun qo‘ymasdan kofirona bir suratda to‘y va azo degan, yo‘q bo‘lushimizg‘a sabab bo‘lgan odatlarga boru yo‘qimizni sarf va isrof etarmiz. Yilda ikki oy Navro‘zi kofiri uchun sayr etarmiz. Bir oy muqaddam Samarqandni Panjakent qasabasidagi Navro‘z sayrig‘a mushak-fishang otishdan uchgina kishi o‘lub, o‘ndan ziyoda kishi majruh bo‘ldi. Ko‘pkari va uloq chopmoqlik odati ma’lunonsig‘a har viloyatdan har sana yuzlar ila kishi oxiratg‘a ko‘char, na qadar kishi majruh va ma’yub bo‘lar. Ko‘p kishilar sayr va ko‘pkari shumligi ila ishdan va ziroat vaqtidan qolur. Uyig‘a yo‘q, xo‘kkuzi va sog‘ar siyiri yo‘q ekan, bir necha yuz so‘mg‘a ot olib va har kuni anga hindek parastish etib, har kun bir so‘m sarf etar, na uchun? To‘y va sayrg‘a ko‘pkari chopmoq uchun. Un-yigirma chaqirimg‘a to‘y bo‘ldimi, har kim ishini, dehqonchiligini qo‘yub, otlanib ko‘pkariga ketar. Dehqon uchun oltundan aziz vaqt favt bo‘ldi-ketdi. Eski birgina kun so‘ngra yig‘ilgan uchun yog‘inga qolib, ba’zi xirmonlar chirib ketar.
Ma’lum bir shaharda yahudiylar ba’zan o‘luklarini oqshom elitib ko‘marlar. Na uchun? Kunduzi ishdan qolarlar. Biz bo‘lsa, o‘luk va to‘y uchun haftalar, hatto, oylar ila ishdan qolurmiz. Holbuki, shore’i a’zam, Payg‘ambari akram, sallollohi alayhi vasallam, hazratlari o‘lganni tez ko‘mub va ko‘mgandan so‘ngra tez tarqalib, ishg‘a ketmoqg‘a va o‘lukxona xalqini uch kundan ziyoda ta’ziya tutmasg‘a, qaro kiymasg‘a, kir, falokat bo‘lmasg‘a amr etarlar. Ey xalq! Ey musulmonlar! Biz na uchun Xudo va Rasulni so‘zig‘a va o‘zimizni na’fimizg‘a amal qilmaymiz? Biz devonami? Biz taklifdan tashqarimi (Taklif-bu yerda, insoniy burch, vazifa ma’nosida), Xudo uchun so‘ylangiz. Biz nima?

Mahmudxo‘ja Behbudiy,
“Oyna” jurnali, 1915-yil, 13-son

Category: Ma'rifat, O'zbek matbuoti  | Tags:  | 4 Comments
Thursday, November 05th, 2009 | Author: Behzod

maqola-1

Tahririyatda muxbirlar, odatda, ikki xil vazifani bajarishadi. Birinchisi, o’tkazilayotgan turli tadbirlarga borib xabar-materiallar tayyorlash yoki o’zi biror mavzu topib maqola yozish bo’lsa, ikkinchisi, tahririyatga kelayotgan chet mualliflarning maqolalarini qayta ishlab, tahrir qilib, gazeta yoki jurnalbop qilib chop etishga tayyorlas.
Gazetamizga turli xil maqolalar keladi. Ayrimlari juda ravon yozilgan, qalam tekkizish shart emas. Lekin mavzu juda sayoz, unda biror yangilik yo’q. Odatda, bunday materiallar qaytarib beriladi, ya’ni chop etilmadi. Yana shunday maqolalar borki, yozilishi juda yomon, gazetaga chiqarish uchun deyarli boshqatdan yozib chiqishga to’g’ri keladi. Ammo ichida fikr, yangilik va qiziqarli ma’lumotlar borligi uchun qayta ishlab chop etishga harakat qilamiz.
Chop etiladigan chet maqolalarning aksariyati tahrirtalab bo’ladi. Professor, ziyoli o’qituvchilarimiz orasida ham fikrini qog’ozga ravon tushirib bera olmaydiganlar juda ko’p.
Yuqoridagi suratda ham qayta ishlangan bir maqolaning birinchi sahifasi ko’rsatilgan. Bu har kungi ishimizdan bir lavha…

2008-yil, 14-may.

Tuesday, November 03rd, 2009 | Author: Behzod

Yoxud qashshoqlikdan qutilish mumkinmi?

“Qashshoqlik”, Keys Kolvitz, 1893-94.

Qashshoqlik – murakkab muammo. Ayni paytda u qadimiydir. Insoniyat bunyod bo‘lganidan beri boy va kambag‘al tushunchalari mavjud. Kimdir yo‘qchilikdan bir burda non topishga qiynalsa, kimdir boyligini qo‘ygani joy topolmaydi. U turli makon va zamonda o‘zgarib, xilma-xil shaklda namoyon bo‘ladi.
Qashshoqlik hayot uchun zarur bo‘lgan birlamchi ehtiyojlarni qondira olmaslik bilan belgilanadi. Hayot uchun zaruriy birlamchi talablarga oziq-ovqat, kiyim, boshpana, toza ichimlik suvi kabi ehtiyojlar kiradi.
Statistik ma’lumotlarda, bugun dunyo aholisining qariyb teng yarmi qashshoqlikdan aziyat chekayotgani aytiladi.
Qashshoqlikni mutlaq yoki nisbiy turlarga bo‘lish mumkin. Mutlaq qashshoqlik barcha davlat va sharoitlar uchun o‘zgarmas bo‘lgan umumiy o‘lchovlarni o‘z ichiga oladi. Masalan, bir kunlik oziq-ovqat kaloriyasini iste’mol qilish imkoniyatidan bebahra odamlar mutlaq qashshoqlar qatlamini tashkil etadi. Nisbiy qashshoqlik esa davlatlardagi iqtisodiy rivojlanganlik darajasi va boshqa omillar tufayli turli makonlar uchun har xil o‘lchovlarni qabul qilish orqali aniqlanadi.
Jahon Banki bir kunda bir dollardan kam daromad qiluvchi insonlarni o‘ta qashshoqlar toifasiga kiritgan. Kuniga ikki dollarga yaqin daromad qiluvchilar esa o‘rtacha qashshoqlar sinfini tashkil etadi. 2005-yilgi ma’lumotga ko‘ra, dunyoda o‘rtacha 1,4 mlrd. kishi o‘ta qashshoqdir. 2,7 mlrd. inson esa o‘rtacha qashshoqlar hisoblanadi.
Qashshoqlar sonining aksariyati rivojlanayotgan uchinchi dunyo mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Ulardagi qashshoqlar soni 1990-yildagi 28 foizdan 2001-yilda 21 foizga kamaygan. Dunyo bo‘yicha umumiy hisobda bir dollardan kam daromad qiluvchilar soni ham 1981–2001-yillar orasida teng yarmiga qisqargan. Tropik Afrika mamlakatlarida esa qashshoqlar soni 1981-yili 41 foizdan 2001-yili 46 foizga o‘sgan.
Kambag‘allikning barcha mamlakatlar hamda mintaqalar uchun bir xil bo‘lgan universal ta’rifi mavjud emas. Qashshoqlikni belgilaydigan miqdoriy ko‘rsatkichlar esa nisbiydir. U, avvalo, mamlakatning iqtisodiy rivojlanish darajasiga bog‘liq. Kambag‘allikning asosiy tavsifi uning ijtimoiy nomaqbulligi, ya’ni kambag‘allik kishilar duchor bo‘lishdan qochadigan voqelik ekanidir.