
Yangi tarix kitobining 2008-sahifasiga bitilgan satrlar ham o‘z poyoniga yetib qoldi. Hayot atalmish muallifning shafqatsiz, lekin odil qalami hech bir voqeani nazardan chetda qoldirgani yo‘q. Ayrim o‘rinlarda u quvonchu shodlik nomalarini bitgan bo‘lsa, ba’zan satrlarda siyoh emas, qon oqdi. 366 qatordan iborat sahifa shonli va qonli voqealarga boy. Syujet esa murakkab. Ko‘p o‘rinlarda Muallif o‘ta shafqatsiz yo‘l tutgan, qalamidan qon tomadi, ayrim satrlarda esa uning nega bunchalar saxiy ekanidan hayratlanamiz. Ammo voqealar to‘qima emas. Kitobdagi bitiklarning barchasi haqiqat. Zero u hayot kitobidir…
Tarix solnomasiga ana shunday tarzda muhrlanib borayotgan 2008-yil, darhaqiqat, turfa voqea-hodisotga boy bo‘ldi. Jahon sahnasi xilma-xil o‘yinlarning guvohiga aylandi. Hodisalar rivoji tarix qonuniyatiga binoan o‘tgan yillardagi kabi bir maromda davom etib bordi. Lekin yil o‘ziga xos, bir necha o‘n yilliklarda ko‘rilmagan va kutilmagan voqealarga ham shohidlik qildi.
2008-yilda Iroq, Afg‘oniston, Yaqin Sharq, Somali kabi dunyoning qaynoq nuqtalaridagi nizo va urush o‘choqlari yonishda davom etdi. Gruziyadagi siyosiy inqiroz esa kutilmagan va xunuk oqibatlarga boy yangi mojaro bo‘lib tarixga kirdi. Pekindagi yozgi olimpiada o‘yinlari dunyo xalqlari birodarligini kuchaytirgan global sport bayrami sifatida keng nishonlangan bo‘lsa, yil oxiriga kelib bosh ko‘targan jahon moliyaviy inqirozi ko‘p rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarni tiz cho‘ktirdi. AQShda Barak Obamaning prezident sifatida saylanishi esa nafaqat yilning, balki butun Amerika siyosiy tarixining eng unutilmas va o‘ziga xos saylovlaridan biriga aylandi.
Keling, shu kabi yilning eng muhim voqealarini batafsilroq sarhisob qilamiz.

So’nggi munosabatlar