Tag-Archive for » Bolaligim «

Sunday, November 29th, 2009 | Author: Behzod

Bog’chaga birinchi borgan kunim haligacha esimda. To’rt yoshimda bog’chaga borganimni hisobga olsam, 1984-yillar… O’shanda dadam va onam meni va bir yosh katta akam Sherzodni bog’chaga bermoqchi edilar. Lekin borganimizda, yo joy kammidi, yoki bir oiladan faqat bitta odam olisharmidi, ishqilib, ikkalamizdan faqat bittamizni olishlari mumkinligini aytishdi. Ota-onam meni berib, akamni qaytarib olib ketishmoqchi bo’lishdi. Lekin men qolishni hech ham xohlamadim. Nega endi akam ketadiyu, men qolishim kerak. Bog’cha opalar meni majburlab ushlab olishdi. Men rosa dod deb yig’ladim, qo’llaridan qochib ketaman, deb tipirchilab yig’laganlarim esimda, lekin baribir ota-onam va akam ketishdi, men esa bog’chada qoldim.

O’shanda rosa xafa bo’lgandim…

Category: Bolaligim  | Tags: , ,  | Leave a Comment
Wednesday, November 18th, 2009 | Author: Behzod
Men yoshligimdan o’qishga mehr qo’ygan ekanman. To’rt yoshimda men va bir yosh katta akam bog’chaga boradigan bo’ldik. Uch yosh katta akam esa maktabning 1-sinfiga borayotgan edi. Men maktabda o’qish-yozishni o’rgatishlarini bilardim. Shuning uchun onamdan, bog’chada ham o’qishni o’rgatishadimi, deb so’raganim esimda. Onam yo’q, deb javob berganlarida xafa bo’lib ketgandim.
Akamlar maktabga qatnab, o’qish-yozishni o’rganishib olishdi. Men ularning kitoblariga, daftarlariga termulib o’tiraverardim.
Bir kuni o’rtancha akam alifbe harflari bitilgan bir parcha qog’oz olib keldi. Men undagi harflarni yodlab, akamlardan so’rab-so’rab o’qishni o’rganib oldim. Bog’chada tarbiyachi opalarim menga bino tepasiga yozilgan yozuvlarni o’qittirishardi…
1-sinfga kirganimda, o’qituvchilar har bir o’quvchini doskaga chiqarib, “Ona, ana non” degan kichkina matnlarni qayta-qayta o’qittirishaverardi. Men siqilib ketardim, tezroq katta matnlarga kelsag-u derdim.

“Bolaligim, seni sog’indim” turkumidan

Category: Bolaligim  | Tags: , ,  | Leave a Comment
Sunday, November 08th, 2009 | Author: Behzod
1999Rishton tumani 1-iqtidorli bolalar litseyi yotoqxonasi, 1999-yil.

Bugun dashtdagi makkani chopgani bordik. Akam velosipedda, men esa piyoda. Chunki tepaga ikki kishini tortmaydi. Dashtga maktabimiz oldidan o’tamiz. Meni hayajon qoplab olgan. Chunki bu yo’ldan roppa-rosa sakkiz yil qatnadim-da. Maktabga sakkiz yil shag’al yo’lda qatnadik. Faqat bu yilgina asfalt qilindi. buni sakkiz yil kutdik. Yangi yo’lda yurish endi ukalarimizga nasib qiladigan bo’ldi.
Keng yo’lda piyoda ketyapman. Bu yo’ldan yurmaganimga sal kam bir yil bo’lyapti. Chunki men hozir tumanimiz markazidagi 1-litseyda o’qiyapman.
Atrof deyarli o’zgarmagan. Faqat ba’zi uylarning qayta ta’mirlangani ko’chani biroz o’zgartirgan.
Xirmon yig’iladigan kolxoz shiyponidan o’tishim bilan yo’l keskin burilib, maktabimiz ko’rindi. Balandga ip tortishib, bayroqchalar ilib qo’yishibdi. Yangi yil uchun qo’yishgan bo’lsa kerak. Haliyam olishmabdi.
Maktabimiz oldiga yetib keldim. Uning nomi darvoza tepasiga rangli bo’yoqlar bilan chiroyli yozib qo’yilgan: “Rishton tumani Z.Hamroqulov nomidagi 48-umimiy o’rta ta’lim maktabi”.
Maktabning ko’cha tomondagi devori nurab qolibdi. Yangi o’quv yili boshlanishiga bir oycha vaqt qolgan bo’lsa, nahotki hali ham ta’mirlashmagan bo’lsa?!
Xayolim bo’lindi. Tepa mahallalik Rustam akam to’xtab, Meni velosipediga mingashtirib oldi. U ham dashtga ketayotgan ekan. Shu zaylda gaplashib ketdik…
Makkamiz o’t ichida qolib ketgan ekan. Yerning kattaligi 20 sotix keladi. Chopish qiyin. Shunday bo’lsa ham kun qiziguncha chopdik.
Makka Rustam akamlar bilan o’rtada ekilgan. Shuning uchun u ham birga chopishdi. Tushlikdan so’ng akam bilan Rustam akam, biroz mizg’ib olamiz, deb pastga, sholipoya tepasiga ketishdi. Men ham shu yerga to’nni yozib cho’zildim. qancha harakat qilsam ham, uyqum kelmadi. shunda birdan hikoya yozgim kelib qoldi. O’zi bu hikoyaning mazmunini kecha o’ylab qo’ygandim. Bugun ruchka bilan bloknot ham olib kelganman. Hozir shuni yozishga tushdim…

1999-yil, 19-iyul.
Category: Bolaligim, Kundalik  | Tags: ,  | 14 Comments
Monday, November 02nd, 2009 | Author: Behzod
Behzodbek

Behzod to'rt yoshda...

Bolaligini sog’inmaydigan odam bo’lmasa kerak. Albatta, hali qarib yoshimiz bir joyga borib qolmagan bo’lsa ham, lekin hozirdan bolalikning beg’ubor damlari tez-tez yodga tushadigan bo’lib qoldi.
Ha, bolalik boshqacha edi. Gunohlardan xolilik, hatto gunohlar, yomonlik qilish hissi yetti uxlab tushingga ham kirmaydigan bir davr. Pokiza bir davr…

Keling, bolaligimizni xotirlaymiz. Go’zal damlar, shirin voqealarni bir-birimiz bilan baham ko’ramiz.
Eng yosh davringizni eslay olasizmi? O’shanda necha yosh bo’lgansiz? Masalan, men bir yosh bo’lgan davrimdagi voqeani tiniq xotirlayman. Atak-chatak qilib endi yurayotgan paytlarim edi…
O’shanda yangi uyimiz hali bitmagandi. Otam (dadamning dadalari, hozir yoshlari 80 ga borib qolganlar) bir xonaning ichida suvoq qilayotgan edilar. Ikkinchi xonadan bu xonaga o’tish eshigida, adashmasam, arava yoki odam o’tishi uchun bir taxta qo’yilgan edi. Men shu taxtaning ustiga chiqib, devorga qo’lim bilan tayangancha sekin yurib o’tganimni eslayman.
Ota-onamga hozir bu haqda gapirsam, hayron bo’lishadi: o’shanda men bir yosh bo’lgan ekanman.
Xo’sh, siz ham yoshligingizni eslab turasizmi? Qanday shirin xotiralaringiz bor? Sizning bolaligingiz qanday o’tgan?
“Bolaligim, seni sog’indim” turkumi ostida  bolalik xotiralarimni yozib borishni niyat qildim.  Shirin o’tmishimizga qiladigan safarimizda siz ham ishtirok eting. Buning uchun blogimizni kuzatib boring. :)
Category: Bolaligim, Foto-sharh  | Tags: , ,  | 4 Comments