Tag-Archive for » Jurnalist «

Thursday, November 12th, 2009 | Author: Behzod

15:11. Bugun “PR Foundations” darsida kursdoshim Jo Vatikan hamda boshqa nasoro guruhlarining “Da Vinchi kodi” filmiga nisbatan ko’rsatgan munosabatlari etikaga qanchalik to’g’ri kelishi haqidagi yozma ishini himoya qildi. Gap men tashlagan savoldan so’ng so’z erkinligi huquqi ostida diniy e’tiqodlarni tahqirlash mavzusiga taqaldi.

Guruhlarning filmga munosabati qanchalik etikaga to’g’ri kelishi mavzusini bahs etishdan oldin, avvalo, diniy e’tiqodni buzib ko’rsatuvchi, hatto tahqirlovchi kitob yozish yoki film yaratish qanchalik etikaga to’g’ri keladi, degan savol tashladim. Kursdoshlarimning deyarli barchasi so’z erkinligi bunga ruxsat beradi, deyishdi. Juda bo’lmaganda, AQSHda, deb qo’shimcha qilishdi. Biroz bahsga kirishdik. Darsdan so’ng, Lesley, Jo va Karol bilan ayni suhbatni tashqarida davom ettirdik. Payg’amabrimiz Muhammad (sav) haqida Daniyada chizilgan suratlar mavzusi ham yodga olindi…

Umuman, qiziq mavzu. Meni doim bu masala o’ylantiradi. So’z erkinligi insonga istalgan narsani gapirish yoki qilish huquqini beradimi? Bu huquq shunchalar cheksizmi?

Bu haqda kengroq maqola yozib, blogimga qo’ymoqchiman. Ammo bu ko’p izlanishni, vaqtni talab etadi. Fursat masalasida hozir qashshoqman. Nasib qilsa, yaqin orada bu haqda yozaman.

Thursday, November 05th, 2009 | Author: Behzod

maqola-1

Tahririyatda muxbirlar, odatda, ikki xil vazifani bajarishadi. Birinchisi, o’tkazilayotgan turli tadbirlarga borib xabar-materiallar tayyorlash yoki o’zi biror mavzu topib maqola yozish bo’lsa, ikkinchisi, tahririyatga kelayotgan chet mualliflarning maqolalarini qayta ishlab, tahrir qilib, gazeta yoki jurnalbop qilib chop etishga tayyorlas.
Gazetamizga turli xil maqolalar keladi. Ayrimlari juda ravon yozilgan, qalam tekkizish shart emas. Lekin mavzu juda sayoz, unda biror yangilik yo’q. Odatda, bunday materiallar qaytarib beriladi, ya’ni chop etilmadi. Yana shunday maqolalar borki, yozilishi juda yomon, gazetaga chiqarish uchun deyarli boshqatdan yozib chiqishga to’g’ri keladi. Ammo ichida fikr, yangilik va qiziqarli ma’lumotlar borligi uchun qayta ishlab chop etishga harakat qilamiz.
Chop etiladigan chet maqolalarning aksariyati tahrirtalab bo’ladi. Professor, ziyoli o’qituvchilarimiz orasida ham fikrini qog’ozga ravon tushirib bera olmaydiganlar juda ko’p.
Yuqoridagi suratda ham qayta ishlangan bir maqolaning birinchi sahifasi ko’rsatilgan. Bu har kungi ishimizdan bir lavha…

2008-yil, 14-may.