Bugun muhim ishim bor. Peshindan so’ng elchixonaga kirishim kerak. Maqsadim — suhbatdan muvaffaqiyatli o’tib, xorijda magistraturani o’qish uchun grantni qo’lga kiritish.
Shuning uchun erta sahar har kungidan boshqacha bo’lib uyg’ondim. Chiroyli tahorat olib, bomdod namozini xushu’-huzu’ bilan o’qidim. So’ng Allohga uzoq duo qildim. Bugungi ishimda madadkor bo’lishini, suhbatdan muvaffaqiyatli o’tib, o’qish uchun grant yutishimni hamda bu o’qish men uchun xayrli bo’lishini so’radim. Oxiratim uchun so’rashni ham unutmadim. Istig’for-u salovotlarni o’qib, maxsus duoni xirgoyi qilgancha ko’chaga otlandim…
Bu bugungi kunim. Lekin kechagi va undan oldingi kunlarim ham shu kabi bo’lgan, deb aytolmayman. Bugungidek Allohga ixlos bilan duo qilmagan kunlarim behisob. Ishga ketishdan oldin bir lahza cho’k tushib kunimning xayrli o’tishini so’rab qachon oxirgi marta duo qilganimni eslolmayman…
Nega bugun Allohga alohida ixlos bilan duo qilib qoldim?! Chunki bugun muhim ishim bor. Bunaqa paytlar Alloh yodga tushib qoladi. Ishimiz bitishini istab hatto kechasi tahajjudga ham turamiz. Boshimizga qiyinchilik tushsa-ku, bundan ham battar xudojo’yga aylanamiz. Vaholanki, olayotgan har bir nafasimiz, sog’-omon o’tayotgan har bir daqiqamiz, xalqumimizdan o’tayotgan har bir ho’plam suv naqadar ulug’ ne’mat ekanini va bular uchun har kuni, har soniya beto’xtov shukr-u hamdlar aytsak-da oz ekanini har doim ham o’ylab ko’ravermaymiz.
Bu dunyo hayoti uchun eng zarur narsa nima deb, istang dahriydan, istang dindordan so’rab ko’ring, ularning barchasi havo va suv deb javob berishi shubhasiz. Odatda, muhim narsalar haqida gap ketganda, suv bilan havodek zarur degan iborani ishlatamiz. Bu ham mavjud ne’matlarning naqadar kerakli va zarur ekaniga ishora. Alloh taolo ana shunday eng zarur ne’matlarni tekin va yetishish oson qilib qo’yibdi. Istasa, uni pulli yoki xos joylarga mashaqqat bilan borib qo’lga kiritiladigan narsa qilib qo’yishi ham mumkin edi. Lekin unday qilmadi, balki eng topilishi oson ne’mat qilib qo’ydi.
Ana shunday ne’matlar bergan Allohga nega shukrona keltirmayapmiz? Nega unga faqat bugungi kunimdek ehtiyojimiz tushganda yoki boshimizga musibat kelganda yolboramiz?..
Keling, har tong uyg’onganimizda, har kecha uyquga ketish uchun o’rnimizga kirganimizda, maxsus duolarni o’qishga odatlanaylik. Hech bo’lmaganda, ey Alloh, o’tgan ushbu kun uchun Senga behisob shukrlar bo’lsin, yoki, ey Alloh, yana sog’-omon tong orttirganim uchun Senga shukrlar aytaman, deyishni o’zimizga odat qilaylik.
Keling, do’stim, shu ishni birga qilamiz…
2009-yil, 22-yanvar


Rishton tumani 1-iqtidorli bolalar litseyi yotoqxonasi, 1999-yil.
So’nggi munosabatlar