Tag-Archive for » O’tmish «

Sunday, November 29th, 2009 | Author: Behzod

Bog’chaga birinchi borgan kunim haligacha esimda. To’rt yoshimda bog’chaga borganimni hisobga olsam, 1984-yillar… O’shanda dadam va onam meni va bir yosh katta akam Sherzodni bog’chaga bermoqchi edilar. Lekin borganimizda, yo joy kammidi, yoki bir oiladan faqat bitta odam olisharmidi, ishqilib, ikkalamizdan faqat bittamizni olishlari mumkinligini aytishdi. Ota-onam meni berib, akamni qaytarib olib ketishmoqchi bo’lishdi. Lekin men qolishni hech ham xohlamadim. Nega endi akam ketadiyu, men qolishim kerak. Bog’cha opalar meni majburlab ushlab olishdi. Men rosa dod deb yig’ladim, qo’llaridan qochib ketaman, deb tipirchilab yig’laganlarim esimda, lekin baribir ota-onam va akam ketishdi, men esa bog’chada qoldim.

O’shanda rosa xafa bo’lgandim…

Category: Bolaligim  | Tags: , ,  | Leave a Comment
Wednesday, November 18th, 2009 | Author: Behzod
Men yoshligimdan o’qishga mehr qo’ygan ekanman. To’rt yoshimda men va bir yosh katta akam bog’chaga boradigan bo’ldik. Uch yosh katta akam esa maktabning 1-sinfiga borayotgan edi. Men maktabda o’qish-yozishni o’rgatishlarini bilardim. Shuning uchun onamdan, bog’chada ham o’qishni o’rgatishadimi, deb so’raganim esimda. Onam yo’q, deb javob berganlarida xafa bo’lib ketgandim.
Akamlar maktabga qatnab, o’qish-yozishni o’rganishib olishdi. Men ularning kitoblariga, daftarlariga termulib o’tiraverardim.
Bir kuni o’rtancha akam alifbe harflari bitilgan bir parcha qog’oz olib keldi. Men undagi harflarni yodlab, akamlardan so’rab-so’rab o’qishni o’rganib oldim. Bog’chada tarbiyachi opalarim menga bino tepasiga yozilgan yozuvlarni o’qittirishardi…
1-sinfga kirganimda, o’qituvchilar har bir o’quvchini doskaga chiqarib, “Ona, ana non” degan kichkina matnlarni qayta-qayta o’qittirishaverardi. Men siqilib ketardim, tezroq katta matnlarga kelsag-u derdim.

“Bolaligim, seni sog’indim” turkumidan

Category: Bolaligim  | Tags: , ,  | Leave a Comment