Tag-Archive for » Tarix «

Sunday, November 15th, 2009 | Author: Behzod
Alihan_ToreHayotda shunday insonlar bo’lar ekanki, ular tirikliklarida yoqib ketgan ma’rifat mash’allari zamonlar o’tishi bilan tobora yorqinroq alangalanadi. Darhaqiqat, Muhammad alayhissalom so’zlari bilan qayd etilganidek, “insonlarning yaxshilari farishtalardan ham a’lo”. Ba’zi buyuk insonlar xalq orasida hokisorlik bilan kamtarona yashab o’tib ketadilar. Ammo keyinchalik esa ularning naqadar aziz va qaytarilmas ekanliklari, o’z xalqi va vatani uchun hatto o’limlarga ham tik boqib, hayotini necha yuz bora xavf-xatarga solganliklari his etila boshlanadi. Ular yaratib ketgan ma’naviy boylik o’z xalqiga to abad meros bo’lib qoladi, necha avlod-ajdod bundan bahramand bo’ladi.
Ana shunday buyuk insonlardan biri Alixonto’ra Shokirxonto’ra Sog’uniydir.
Alixonto’ra 1885-yil 21-martda sobiq Turkiston o’lkasining To’qmoq shahrida o’zbek oilasida dunyoga keldi. Adabiy taxallusi tug’ilgan shaharining qadimiy nomi Bolasog’un bilan bog’liq (hozir Qirg’iziston jumhuriyati hududida).
Bobom bolaliklaridanoq ziyrakligi, uquvchanligi, har narsani o’z mohiyati bilan tushunib, fikrlay olishi va ayniqsa, oily darajadagi quvvai hofizasi bilan o’z aka-ukalaridan ajralib turgan. Shu o’rinda bir narsani ta’kidlashim joiz. Kamina ana shu buyuk inson tarbiyasidan bahramand bo’lgan nabiralardan erurman. Bobom haqida yozish men uchun naqadar sharafli bo’lishi bilan bir qatorda, o’ta mas’uliyatli hamdirki, sababi, beradigan ma’lumotlarim iloji boricha xolis bo’lmog’i lozim.
Katta bobomiz Shokirxon to’ra o’qimishli, oqil, ma’rifatparvar kishi bo’lgan ekan, shu sababdan ikkinchi o’g’lidagi qobiliyatni sezgach, bobomni Arabistonga o’qishga yuborgan. Madinada o’qib qaytgach, o’sha davr ilm-faniga chanqoq, ijtimoiy voqelikni tushunib yetgan fazl-karamlik yigit qalbida ona-Vatani mazlum Trukistonga, asoratda yashab kelayotgan jafokash xalqiga xizmat qilish hissi tug’yon urgan.